21:30 / 02.09.2024
249

Islom Karimov bilan bog‘liq qiziq voqealar...

Islom Karimov bilan bog‘liq qiziq voqealar...
Qaysi davrda bo‘lmasin, podshohlar, sultonlar, davlat rahbarlari bilan bog‘liq voqea va hodisalar xalq uchun juda qiziq bo‘lib kelgan. Masalan, mashhur sarkarda, ulkan imperiya asoschisi, makedoniyalik Aleksandr Makedonskiy va faqirona hayot kechiruvchi faylasuf Diogen uchrashuvi yoki Horun Ar-Rashid hamda uning bosh vaziri Ja’far o‘rtasidagi dialoglar hikoya tarzida bugungi kungacha saqlanib qolingan.

“Daryo” O‘zbekiston birinchi prezidenti, marhum Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab, davlat rahbari bilan bog‘liq bo‘lgan qiziq xotiralarni bevosita voqea ishtirokchilarining tilidan bir maqolaga jamladi.

Islom Karimov haqida gap ketar ekan, marhum davlat rahbarining qo‘l ostida ishlagan insonlar u kishini qattiqqo‘l, o‘jar, hech narsadan qo‘rqmaydigan va hatto dushman orttirishdan ham cho‘chimaydigan, shu bilan bir qatorda, mamlakat manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yuvchi inson sifatida ta’rifladi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, suxandon Muslimbek Yo‘ldoshev Islom Karimov bilan bog‘liq xotiralarni yodga olar ekan, 1994 yilda samolyotda sodir bo‘lgan kutilmagan qiziq voqeani tilga tilga oldi.

— Aniq esimda, 1994 yil edi. O‘sha yili qish yaxshigina kelgandi. Bu qo‘shni mamlakatlarda ozgina muammolarni keltirib chiqardi. O‘sha vaqtlarda Qirg‘iziston prezidenti Asqar Akayev O‘zbekiston rahbarini o‘z yurtiga taklif qildi. Sholi orasida kurmaklar ham suv ichib qoldi deganlaridek, biz ham shu bahonada delegatsiya tarkibida Qirg‘izistonga bordik. Boisi ikki mamlakatning san’atkorlari ishtirokida katta konsert tashkil etilishi reja qilingan edi. Shu konsertga Dilorom Umarova va kamina boshlovchi bo‘lib bordik.

O‘sha paytda davlatimizning qo‘li sal kaltaroq edi. Davlat tashriflarida san’atkorlar va vazirlar prezident bilan birga Tu-154 rusumidagi bitta samolyotda uchardi. A klassda prezident va vazirlar, B klass (ya’ni samolyotning orqa qismi)da esa san’atkor va sozandalar o‘tirar edi.

Bizni Qirg‘izistonda juda qaynoq, haroratli tarzda kutib olishdi. Ammo konsert bo‘ladigan joy juda kichik va sovuq ekan. Rasmiylar uchrashuvlar yakuniga yetgach, ikki davlat san’atkorlari ishtirokida gala-konsert boshlandi. Davlat rahbarlari — Asqar Akayev va Islom Karimov zalda o‘tirgan holda konsertni tomosha qilishar edi. Bir mahal Islom Karimovni sahnaga taklif etishdi va sahnaga oppoq gijinglagan ot olib chiqishdi. Men o‘shanda birinchi marta sahnaga ot olib chiqilganini ko‘rganman.

Islom Karimov
Foto: Regnum

Oq otni Islom Karimovga berib, ko‘kraklariga “Ruhoniyat” (xalqlar o‘rtasida tinchlik va totuvlik uchun medal va diplom — Wikipedia.) medalini taqib qo‘yishdi. Shundan so‘ng konsert yana davom etdi. Konsertda G‘ulomjon Yoqubov do‘stlik haqida qo‘shiq kuyladi. Qo‘shiq shu darajada mahorat bilan ijro etildiki, eshitgan odam maza qilar edi. Konsert oxirida Islom Karimov sahnaga chiqib, barcha san’atkorlarning qo‘lini birma-bir siqib qo‘ydi. Shu bilan konsert tugadi. Biz kiyimlarimizni almashtirib, samolyotda davlat rahbarini kutib turdik.

Prezident aeroportga kelgach, samolyot Toshkent tomon parvoz qila boshladi. Bir mahal kutilmaganda biz o‘tirgan xonaga shahd bilan Islom Karimov kirib keldi. Yaxshi eslayman, men 1-1,5 metr masofa uzoqligida davlat rahbari bilan yuzma-yuz turib qoldim. O‘shanda Islom akaning kafiyatlari juda zo‘r edi. Shunda prezident eshikka suyanib, bizga qarab “konsert zo‘r bo‘ldi-a” deb savol berdi. Biz bo‘lsa “ha, yaxshi konsert bo‘ldi” deya hammamiz javob qaytardik. Keyin u kishi bizga qarab “tilanglar tilaklaringni” dedilar. Bu kutilmaganda sodir bo‘ldi. Barcha jim bo‘lib qoldi.

Men esa “nima so‘rasam ekan” deb o‘ylab qoldim. Lekin hamon samolyotning ichi jim edi. Bir fursat o‘tib, Islom Karimov “nega jimsizlar, kimning nima tilagi bor, tilanglar” deb aytdilar. Yana hamma jim. Shunda davlat rahbari “prezident boshqa sizlar bilan bunday kayfiyatda uchrashmaydi, qaytib bu gapni gapirmayman”, dedilar. Hech kim miq etmadi.

Islom aka hammaga bir nazar soldilar-da, ko‘zlari G‘ulomjon Yoqubovga tushib qoldi. U kishi G‘ulomjon Yoqubovni qattiq quchoqlab, konsertda aytgan qo‘shiqlari juda maromida bo‘lganini aytib, qo‘shiqdan ruhlari ko‘tarilganini gapirib berdilar-da, o‘zlari o‘tiradigan joyga chiqib ketdilar. Eng qizig‘i, o‘sha vaqtda hech kim davlat rahbariga “menga u kerak, menga bu kerak”, deya gapirmagan edi.

Jurnalist Komiljon Shamsiddinov “Daryo”ga o‘z xotiralaridan hikoya qilib berar ekan, yozuvchi Murod Muhammad Do‘st va Islom Karimov o‘rtasidagi o‘zaro bir nechta hazillarni esladi.

Darvoqe, Murod Muhammad Do‘st haqida qisqacha: U 1990 yildan 1992 yilgacha prezident devonida mas’ul xodim, 1992 yildan 1993 yilgacha, so‘ngra 1999—2002 yillarda O‘zbekiston respublikasi milliy axborot agentligi bosh direktori, 1993 yildan 1999 yilgacha O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi kabi lavozimlarda faoliyat olib borgan.

Ustoz Murod Muhammad Do‘st ham saroyda ishlagan chog‘larida kattaga hazil qila olish, shuning vositasida o‘rtadagi rasmiylik pardasini ko‘tarib, fikrini samimiy bildirish imkoniga ega odam edi. Lekin xolisannilo aytganda, o‘sha hazil-huzullar bilan talay savob ishlarga ham yo‘l ochilgan.

Bayram bahona yoppasiga mukofot ulashar kunlarning birida taqdirlanadigan odamlar ro‘yxatining quyruqrog‘iga zamonamizning yetuk allomalaridan biri (hozir rahmatli bo‘lib ketdi, nomini aytmay qo‘ya qolay) ham ilinib qoladi. Oqsoqol ularning munosib yoki yo‘qligini bilmoq uchun Murod akani chaqirib, kelib-kelib aynan o‘sha odamning kimligini so‘ragan.

— Umi? U g‘irt tentak, Islom aka.

— Masxarabozlik qilma. Men sendan to‘g‘risini so‘rayapman.

— Tentak deyapman-ku sizga.

Ko‘zoynak yechilib, kattaning jahli chiqa boshlaydi. Uchinchi bor yana o‘sha gapni qaytarish xavfli, balolarga qolib ketmoq tayin.

— Tentakligi shundaki, o‘zi Chilonzorda, 3 xonali “xrushchevka” uyda yashaydi. Uniyam ikki yarim xonasini kitobga to‘ldirib tashlagan. O‘g‘li 30 ga kiryapti-yu, hali uylantirolgani yo‘q. Shunaqa tentak-da u...

Rahbarning yuzidagi jahl tabassumga aylanganini o‘ziyam sezmaydi.

— Ha-a, bu “tentak”ka berish kerak ekan unvonni, — deya farmonga imzo chekiladi.

Murod aka bilan bog‘liq, afsonalarga qorishib ketgan bunaqa gaplar ko‘pki, qaysi birini aytay. U kishi siyosiy sahnadan ketgach, anglashimcha, bu o‘ringa da’vogarlar yo‘q emasdi. Lekin birovi eplolmadi, boshqasi bemavrid hazil qilib, saroydan uzoqlashtirildi. Fahmimcha, oqsoqolning o‘ziyam mavridini topib qilingan hazilni yoqtirar, butun vujudi bilan, boz ustiga g‘oyat yarashiqli tarzda, samimiy kulardiki, bundan o‘ziyam, atrofdagilar ham yayrab ketishardi.

Shuningdek, Komiljon aka “Daryo”ga O‘zbekiston birinchi prezidenti bilan bog‘liq ko‘p qiziq xotiralarni so‘zlab berdi. Xususan, Islom Karimov xorijiy davlat rahbarlari bilan uchrashuvlarda o‘rni kelganida diplomatik mulozamat-u iltifotni bir chetga surib, dangal gap ayta oladigan, kerak bo‘lsa, qattiq javob beradigan odati bo‘lganini bir nechta misollar bilan aytib berdi.

— O‘tgan asrning 90 yillari. Okean ortidagi qudratli davlatning yangi tayinlangan elchisi ishonch yorlig‘ini topshirish uchun O‘zbekiston prezidenti qabuliga kirishi kerak. Kun-soat belgilangan, hamma narsa qabul uchun shay, mas’ullar qaqqayib saf tortib turgan. Ammo ne kulfatkim, elchidan darak yo‘q-da. Ko‘pchilikning xayolida “Bu qanday bedodlik, butun boshli mamlakat rahbari elchini kutib tursa” degan gap. Naq 10-15 daqiqadan so‘ng toqatlarni toq qilgan arzanda elchi hech narsa bo‘lmagandek kirib kelsa, deng. Barchaning — kimda qo‘rquv, yana kimdadir qiziqish zohir bo‘lgan yuzida “Qani, prezident bu ko‘ngilsizlikka qay munosabat bildirarkan”, degan ishtiboh. Shunda Islom Karimov salom-alikdan so‘ng hech kim kutmagan gap qildi:

– Sizga, janob elchi, nima sovg‘a qilsam ekan, deb ko‘p o‘ylagandim. Qarangki, mushkulimni o‘zingiz oson qildingiz. Kamina sizga doim to‘g‘ri ishlaydigan, hech qachon to‘xtab yoki buzilib qolmaydigan soat sovg‘a qilaman...

Bu gapni eshitib, elchining sholg‘omdek qizarib ketgan yuzini ko‘rsangiz edi. To‘g‘ri-da, o‘zini bilgan, hurmat qilgan odam, boz ustiga dunyodagi eng qudratli davlatning elchisi o‘zlari kampisandroq hisoblagan bir davlat rahbaridan shundoq dashnom eshitib tursa, qay holatga tushishi mumkin.

Rahmatli gap kelganda otasiniyam ayamaslik bobida davlat tanlab o‘tirgan va yo qay birovining andishasini qilib, ayagan emas. Ummon orti bo‘ladimi, beriroqdagimi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, kattaning o‘zi, uning ortidan esa, tabiiyki, O‘zbekiston sha’ni-yu obro‘siga soya solsa, o‘sha zahoti javobini olardi.

Bir gal Maskovga borganda, Kremlda, o‘risning kattakoni bilan qiziq, ayni paytda hayratlanarli bir voqea kechdi. Ularning rahbari o‘sha chog‘larga kelib bir oz dimog‘ bog‘lab ulgurgan chamasi, bizning delegatsiyani kuttirib qo‘ydi. Boz yana o‘lganning ustiga chiqib tepgandek, ularning protokol xizmati vakili bo‘lsa kerak, bir narsa deb shivirlab ketdi, shekilli, oqsoqolning yuziga bir qon tepdi-yu, bildirmadi. Hartugul, bir ozdan so‘ng nihoyat ularning go‘yoki “ishi boshidan oshib-toshgan” kattasiyam chiqib keldi — salom-alik, lutfbozlik. Bizning katta gapining “bismillosi”dayoq hamkasbini taqqa to‘xtatib:

Hozir protokol xizmatingizdan odam kelib, O‘zbekiston delegatsiyasi uchun falon vaqt ajratilgan, deya bizni ogohlantirdi. Birinchidan, bu vaqt orasida avvaldan kelishilgan mavzularni muhokama qilishga ulgurolmaymiz. Ikkinchidan, u muammolar yechimi faqat bizga emas, avvalo, sizga ko‘proq kerak. Basharti hozirdan minut sanasak, hozirning o‘zidayoq lash-lushimizni olib, jo‘nab ketishimiz mumkin, dedi avzoyi buzilgan qiyofada.

Ana endi u tomonning aft-angorini ko‘rsangiz. Qizardi, bo‘zardi, xijolat tortdi. Hartugul, jur’at topib, “Yo‘q, Islom Abdug‘aniyevich. Siz bilan biz, qancha kerak bo‘lsa, shuncha gaplashamiz. Xotirjam bo‘ling”, deya oldi...

2005—2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni bosh konsultanti, 2008—2009 yillarda prezidentining matbuot kotibi vazifasida faoliyat olib borgan Beruniy Alimov “Daryo” bilan suhbatda, Islom Karimov ortiqcha xushomadgo‘ylikni, laganbardor insonlarni yomon ko‘rganini eslab, bir voqeani hikoya qilib berdi.

Bir viloyat markazidagi masjid ochilishiga bordik. Prezident masjid imomi va mahalla oqsoqollari bilan suhbatlashib bo‘lgach, ketish uchun eshik tomon yura boshladi. Masjidga oyoq kiyimlar yechib kirilgan edi. Islom aka o‘z oyoq kiyimlarini kiyish uchun taraddudlanib, poyabzal kiyish uchun maxsus qo‘yilgan qoshiqni qo‘llariga oldilar. Bir mahal o‘rta yoshdagi bir odam kelib, davlat rahbariga ko‘maklashish uchun, u kishining tirsagidan ushladi. Shunda Islom aka oyoq kiyimlarini kiydilar-da, maxsus qoshiq bilan haligi odamni bir urib, masjiddan chiqib ketdilar. U kishi laganbardorlikning har qanaqa ko‘rinishini yoqtirmas edi. Misol uchun, Surxondaryo viloyatida 50 daraja issiqda shlyapani kimningdir qo‘lidan olib kiymaganlar, deya esladi Beruniy Alimov.

Ma’lumot o‘rnida, 2016 yil 28 avgust kuni tushdan keyin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat rahbari Islom Karimovning ahvoli yomonlashgani haqida rasmiy ma’lumot bergan. 2 sentyabr kuni O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etgani e’lon qilingan.

Islom Karimov va Tatyana Karimova
Foto: “Daryo”


Islom Karimov oila davrasida
Foto: “Daryo”

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Islom Karimov bilan bog‘liq qiziq voqealar...