10:37 / 15.09.2024
74

Xudoyorxonning ag‘darilishi yoki xonlikdagi «ayiq solig‘i»

Xudoyorxonning ag‘darilishi yoki xonlikdagi «ayiq solig‘i»
Minglar urug‘idan Qo‘qon taxtida hukmdorlik qilayotgan o‘n beshinchi xon – Xudoyor 1845 yilda boshiga toj kiyganida endigina 13-14 yoshli bola edi. Xonlik jilovi esa uni hokimiyat tepasiga olib kelgan Musulmonqul qo‘lida bo‘lib, butun saroy ayonlari ham uning qosh-qovog‘iga qarab, siyosatiga o‘ynashga majbur edilar...

Musulmonqulga qarshi borgan shayxulislom Sulaymonxo‘ja rais, Xojamquli a’lamlarning qatl etilishi, xon va Musulmonqulning boshqa muxoliflarini ham o‘ylab ish tutishga majbur etdi...

Ana shunday vaziyatda o‘spirin bo‘lgan Xudoyorxon tizgini Musulmonqulda ekanligi bois ko‘pincha it, xo‘roz va qushlarga ishqibozlik bilan kun o‘tkazardi. Bunday xumorbozlik avjiga chiqqan 1851 yilda xonlik hududiga qarashli Qolgandaryo to‘qayidan ayiq tutgan bir ovchi boshqa bir ishini hukmdor orqali hal etish niyatida ayiqni Xudoyorxonga sovg‘a qiladi.

Bu paytda butun Turkiston hududida bo‘lgani singari Qo‘qonda o‘tkaziladigan xalq sayillarida ayiq o‘ynatish ham urfga aylangan edi. Xumorboz xon bunday noyob sovg‘aga ega bo‘lgach, uni o‘z qaramog‘iga olib, jonivorga qarash uchun maxsus sayisni ajratdi. Xon ayig‘i sayisxonadagi boshqa hayvonlardan ajratilib e’zozlanar, faqatgina hukmdor va uning ayonlari tomosha qilishi uchun boqilardi.

Ayiq ham qolgan-qutgan ovqatni yemas, yuvindini ham ichmas, unga faqat yangi go‘sht va asal berilardi. Albatta, birgina ayiqning yegan-ichgani kattakon xonlik uchun hech gap emas. Biroq bora-bora xuddi xon va uning ayonlaridek faqatgina eng yaxshi, a’lo navli oziq-ovqat iste’mol qilavergach hamda ko‘kaldosh, bosh xoja, mehtar, qutvol, bakovulboshi, qorovulboshi kabi saroydagi xalq rizqi hisobiga kun kechiruvchilar qatoridan ayiq ham joy olgach, xumorboz Xudoyorxonning hafsalasi pir bo‘ldi. Negaki, dasturxonchi, dodhoh va xazinachi xon hazratlariga maxsus ayiq uchun xazinadan ajratilayotgan pullar hisobini ko‘rsatgan edi. Hukmdor bir qarorga kelishga qiynalib qoldi.

Xudoyorxon lapanglaganicha yurib, o‘mbaloq oshib o‘ynaydigan ayiqqa o‘rganib qolgan, jonivordan voz kechishga botina olmasdi. Ammo qo‘tonda yana boqaveray desa, jonivorning ishtahasi karnayligidan butun boshli xonlik xazinasining tagini ko‘rsatib qo‘yibdi.

Bu paytga kelib, jilovdori bo‘lgan Musulmonqul ham yo‘q bo‘lib, uni qipchoqning birlashgan siyosiy guruhlari toshkentlik va farg‘onalik muxoliflari bilan birlashib, 1852 yilda qatl qilishga erishgandilar. Qolaversa, Xudoyorxonga muxolif bo‘lgan Mallabekning ta’siri oshayotgan paytlar edi.

Alal oqibat Xudoyorxon 1858 yili xalqqa «ayiq solig‘i» soldi.

Bozoru guzarlarda xon farmoni e’lon qilingan kundanoq ayiq uchun soliq yig‘ish boshlab yuborildi. Zero, ayiq yangi go‘sht va asalsiz qo‘tonda och o‘tirolmas, uning chinqirishiga xumorboz xon chiday olmasdi.

Qarangki, xon kutgan natija ro‘y bermadi. Soliq va to‘lovlar belini bukchaytirgani, zulmga ortiqcha bardosh bera olmasligini anglagan xalq « ayiq solig‘i»ga qarshi Xudoyorxon o‘rdasi tomon otlandi. Bu vaziyatdan foydalangan muxolif Mallabek ham xonga qarshi kurashni kuchaytirdi.

Shu tariqa 1858 yilda qo‘li ustun kelgan Mallabek Xudoyorxonni taxtdan ag‘darib, hukmdorlikka erishdi.

Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt.

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Xudoyorxonning ag‘darilishi yoki xonlikdagi «ayiq solig‘i»