13:04 / 16.09.2024
217

Ra’no Shodiyeva saratondan tuzalishiga 500 ming dollardan ko‘proq pul ketganini aytdi

Ra’no Shodiyeva saratondan tuzalishiga 500 ming dollardan ko‘proq pul ketganini aytdi
Jigar saratonidan tuzalgan taniqli aktrisa Ra’no Shodiyeva bloger Jahongir Latipovga bergan intervyusida kasallik qanday boshlangani, davolanish xarajatlari hamda ayni paytdagi ahvoli haqida so‘zlab berdi.

Foto: Instagram
— Yozda o‘g‘limning to‘yini qildik, keyingi oy qizimni turmushga uzatdim. Er-xotin rosa xursand edik. Endi sayohat qilamiz birgalikda, mazza qilib yashaymiz, kichkinamizni katta qilib, deb o‘ylagandik. To‘ydan ikki oy o‘tgach, Moskvada kar-soqovlarning katta konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘sha yerga borib qaytayotganimda, samolyotga qadam qo‘yishim bilan juda yomon xuruj bo‘ldi. Qornimni xuddi qattiq jism kesib yuborgandek og‘riq bo‘ldi. Samolyot ichida hushimdan ketib yiqildim. Bir payt o‘zimga kelsam, meni reysdan qoldirmoqchi bo‘lishgan ekan. “O‘lsam ham, uchib ketaman”, deb turib oldim. “Nima bo‘lishidan qat’i nazar, uchaman, ahvolimga o‘zim javobgarman”, degan mazmunda tilxat yozib berdim.

Toshkentga kechasi keldik, ertalab turib klinikaga bordik. Jigarimni UTD qilgan shifokor “Opa, oxirgi marta qachon o‘zingizni tekshirtirgansiz?”, deb qoldi. “To‘ydan oldin”, deb javob berdim. Shifokor menga zudlik bilan onkologiya shifoxonasiga borishim kerakligini aytdi. Jigarimning 50 foizidan ko‘prog‘i zararlanishga ulgurgan ekan. “Jigar saratoni uchinchi bosqichdan to‘rtinchi bosqichga o‘tayotgan ekan. Kun sayin emas, soat sayin o‘syapti”, deyishdi.

Yuqoridagi tanishlarga chiqib, Germaniyaga ketmoqchi bo‘ldik. Senat raisi, ustozim Tanzila Kamalovna “Ra’no, Germaniyaga eng tez viza yetti kunda chiqadi”, dedilar. Shunda internet orqali Germaniya, Turkiya, Rossiya shifokorlari bilan konsilium qildik. Turkiyadagi shifokor “Qaysi klinikani tanlasang ham, sen kecha kelishing kerak edi, tezroq harakatingni qil”, dedi. Shundan so‘ng zudlik bilan Istanbulga uchib ketdik. Turkiyadagi shifokorim Germaniyadagi men tanlagan klinikamda uzoq yillar ishlab kelgan ekan. U “Xavotir olma, Germaniyani shu yerga ko‘chirib olib kelganman. Senda 100 foizdan 1 foiz imkoniyating bor”, dedi. Men esa “Kurashaman, kurashmasdan qanday ketaman bu dunyodan?”, deb o‘yladim.

Foto: Instagram
Davolanishga qancha pul ketgani haqida

— Saratondan davolanish juda qimmat. Ikki yilini hisoblasangiz, bitta operatsiya 37 ming dollar, yana bittasi 42 ming, 25 ming, eng arzoni 15 ming dollar bo‘lsa kerak. Undan keyin reabilitatsiya, ximiya muolajalari. Har bitta ximiyaning olib kelinishi mashaqqatini ko‘rsangiz, u dorilar Hindistondan olib kelinardi. Hali O‘zbekistonga ruxsat berilmagan. Biz yuqoridan ruxsat olganmiz. Haligacha minnatdorman, meni juda ko‘pchilik yaxshi ko‘rarkan. Bojxonada ham onkolog shifokorim kirib, o‘zi shaxsan dorimni qabul qilib olardi. Men o‘sha paytda 21-asrda yashayotganimni his etdim. Dunyo tibbiyoti juda rivojlanib ketgan, inson hayotini saqlab qoladigan kosmik, aqlli dorilar bor.

Turkiyada davolanishning so‘nggi kunlarida kasalxonadan chiqaman, deganimda klinika menga yana 83 ming dollar hisob chiqarib berdi. O‘shanda buncha pulni qayerdan topamiz, deb o‘ylaganmiz. Turmush o‘rtog‘im “Mashinani sotamiz, uni sotamiz, buni sotamiz”, deb reja qildi va o‘sha pulni topdi. Davolanishimga 500 ming dollardan ko‘proq pul ketdi.

“Bir oy tinmay yig‘ladim”

— Tuzalganimdan keyin ancha payt tushkunlikka tushib qoldim. Chunki xayolimda yana qaytalansam-chi, endi bu qiyinchiliklarga chiday olmasam-chi, degan o‘ylar aylandi va bir oy davomida tinmay yig‘lab yurdim. Keyin ushbu holatim haqida shifokorimga aytganimda u menga antidepressant yozib berdi. Uni ichib, yaxshi bo‘la boshladim. Keyin syomkalarimga qaytdim, men dramatik aktrisaman-ku, o‘shanda syomkalarimga chiqqanimda yig‘lash kerak bo‘lgan kadrlarda yig‘lolmay qiynaldim. Chunki antidepressantlar ichganimda faqat kulib yurishga o‘rganib qolgan ekanman. Yana shifokorimga qo‘ng‘iroq qildim, u esa dori ichishni to‘xtashimni aytdi.

Foto: Instagram
Jahongir Ortiqxo‘jayevga minnatdorchilik

— Pulni qayerdan olishni bilmay boshimiz qotib turganida Jahongir aka Ortiqxo‘jayev turmush o‘rtog‘imga qo‘ng‘iroq qilib, yordam berishlarini aytdilar. Shundan keyin Turkiyadagi muolajalarim boshlanib ketdi. Men Istanbuldagi klinikada davolanayotganimda mendan boshqa yana ko‘plab odamlarning davolanishiga Jahongir aka yordam berganidan xabar topdim. Ular bir necha yuz ming dollarlik operatsiyalarga homiylik qilgan ekanlar. Menga ham juda yaxshi sharoit qilib berdilar, o‘g‘lim va kuyovim Istanbulda yonimga borishganida ularga hatto taksi ham qilib berdilar. Ulardan juda ham minnatdorman.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ra’no Shodiyeva saratondan tuzalishiga 500 ming dollardan ko‘proq pul ketganini aytdi