date
views 233

IIV Toshkentda kvadroberlar paydo boʻlayotganidan ogohlantirdi

IIV Toshkentda kvadroberlar paydo boʻlayotganidan ogohlantirdi
Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda yoshlar oʻrtasida oʻzini ma'lum bir hayvon qiyofasida aks ettiruvchi aksessuarlardan foydalangan holda oʻsha jonzotning xatti-harakatlariga taqlid qilish koʻrinishidagi kvadroberlik submadaniyati namoyon boʻlmoqda, deb xabar beradi IIV matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bu kabi voqealar Qozogʻiston, Rossiya va Ukraina yoshlari orasida ham kuzatilgan. «Achinarlisi, bunday nomaqbul harakatlar Toshkent shahrida ham kuzatilmoqda», — deyiladi IIV xabarida. Xususan, 10 oktyabrda hayvonlar qiyofasidagi niqoblarni taqib olgan kvadrober uchratilgani, 11 oktyabrda esa yana bir kvadrober yoʻlovchilarga itga taqlid qilib hujum qilgani, voqeaga guvoh boʻlgan bola qattiq qoʻrqib ketgani xabar berilgan.

Ekspertlar fikricha, kvadroberlik bola oʻziga hayvonlarning agressiv harakatlarini qabul qilishiga, oʻzini va atrofdagilarni jarohatlashiga, bolaning hali toʻla shakllanmagan psixikasiga zarar etishiga hamda uning jamiyatdan ajralib qolishiga olib kelishi mumkin.

«Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 77-moddasiga binoan, ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga etguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta'lim olishi, sogʻlom, toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majburdir. «Ta'lim toʻgʻrisida»gi qonunga muvofiq, voyaga etmagan ta'lim oluvchilarning ota-onasi bolaning oʻqishi, tarbiyalanishi, jismoniy, ma'naviy va intellektual rivojlanishi uchun mas'uldir. Shuningdek, voyaga etmagan ta'lim oluvchilarning ota-onasi oʻz bolalarini insonparvarlik, vatanparvarlik, mehnatsevarlik, ma'naviy, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashi shart.

Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga muvofiq, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga etmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta'lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga etmagan bolalarning ma'muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi BHMning 5 barobarigacha (1 million 875 ming soʻmgacha) jarimaga tortishga sabab boʻladi.

Shu munosabat bilan Ichki ishlar vazirligi ota-onalarni oʻz farzandlarini har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash boʻyicha oʻzlarining ma'naviy burchlari va qonuniy majburiyatlarini bajarishga chaqiradi. Bola huquqlari kafolatlarini ta'minlashga mas'ul organlardan biri sifatida vazirlik shunday submadaniyat namoyon boʻlishi holatlari ota-onalar tomonidan oʻz majburiyatlarini bajarmaslik sifatida malakalanishini ma'lum qiladi.

Bundan tashqari, kvadroberlik bolaning ruhiy va emotsional sogʻligʻiga qanday ta'sir etganligini aniqlash maqsadida zarur hollarda bolalarni maxsus psixologik koʻrikdan (konfidentsial tarzda, bolani yakkalash va diskriminatsiya qilinishiga yoʻl qoʻymaydigan doʻstona usullar orqali) oʻtkazish ham talab etilishi mumkin
», — deyiladi xabarda.

Kvadrobika — bolalar va oʻsmirlar orasida ommalashgan trend boʻlib, xobbi, submadaniyat va fitnes qorishmasi. Kvadroberlar hayvonlarning niqoblarini kiyadi, dum taqadi va hayvonlarga taqlid qilib, toʻrt oyoqda yuradi va sakraydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIV Toshkentda kvadroberlar paydo boʻlayotganidan ogohlantirdi