
Foto: Oʻzbekiston musulmonlar idorasi
13 noyabr kuni Oʻzbekistondagi masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatib va noiblar ishtirokida «Yil imomi – 2024» koʻrik-tanlovining yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi. Musulmonlar idorasining xabar berishicha, unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bosqichlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 14 nafar imom domla oʻzaro bellashdi.
Musobaqa ishtirokchilari Qur'oni karim qiroati va tafsiri, aqida, fiqh, Islom tarixi, hadis ilmlari, allomalar ijodiga oid savollarga javob bergan. Shuningdek, mehnat faoliyati davomida amalga oshirgan salmoqli ishlari va OAVda e'lon qilingan ijodlarini namoyish etgan.

Tanlov natijalariga koʻra, quyidagi ishtirokchilar sovrinli oʻrinlarga munosib deb topildi:
1-oʻrin – Namangan viloyati «Homiddin qori» jome masjidi imom-xatibi Muhammad Bobir domla Nasriddinovga I darajali diplom va Haj safari yoʻllanmasi;
2-oʻrin – Toshkent shahridagi «Firdavs» jome masjidi imom-xatibi Baxtiyor domla Sattorovga II darajali diplom va 16 mln soʻm pul mukofoti;
3-oʻrin – Toshkent viloyati «Chanoq» jome masjidi imom-xatibi Yoqub domla Buxarbaevga III darajali diplom va 13 mln soʻm pul mukofoti topshirildi.
Shuningdek, tanlovning «Yilning eng fidoyi imomi» Qoraqalpogʻiston Respublikasi «Mulla Is'hoq» jome masjidi imom-xatibi Altinbek domla Zinullaev va Xorazm viloyati «Mirhoshim bobo» jome masjidi imom-xatibi Ollabergan domla Gʻoyipovga nasib etdi.

Musobaqa yakunida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari «Yil imomi – 2024» sohibiga Haj yoʻllanmasini topshirdi hamda xayrli duolar qildi. Tanlovning barcha ishtirokchilariga qimmatbaho sovgʻalar taqdim etildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!