18:28 / 20.12.2024
31

O‘zbekiston Interpol orqali Rasayev va Temirxanovni xalqaro qidiruvga berdi

O‘zbekiston Interpol orqali Rasayev va Temirxanovni xalqaro qidiruvga berdi
Kollaj: Kun.uz
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov ismli Rossiya fuqarolarini Interpol orqali xalqaro qidiruvga berdi. Ular haqidagi ma’lumot Interpol saytiga joylangan.

Lenta.ru'ning yozishicha, bu ikki shaxs chechenistonlik bo‘lib, ular O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd ishiga aloqadorlikda gumonlanmoqda.

Rasayev va Temirxanovga, shuningdek, Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Li hayotiga ham suiqasd qilish buyurtmasi berilgani, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi tomonidan ularga 1,5 mln dollar mukofot va’da qilingani aytilmoqda.

Interpol saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 36 yoshli Bislan Rasayev va 31 yoshli Shamil Temirxanovga O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 241-moddasi (Jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish), 246-moddasi (Kontrabanda) va 248-moddasi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi) bilan ayblov e’lon qilingan.

O‘tgan oyda Checheniston rahbari Ramzan Qodirov O‘zbekistondagi suiqasd ishida “chechen izi” borligi haqida xorij matbuoti tarqatgan xabarlarni rad etgandi.

Komil Allamjonovga suiqasd

2024 yil 30 sentyabrgacha O‘zbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabr kuni Qibraydagi o‘z uyi yaqinida hujumga uchradi: u o‘tirgan mashinaga bir necha bor o‘q uzilgan. Hodisada Allamjonovning o‘ziga shikast yetmagan.

Bosh prokuratura so‘nggi marta 25 noyabr kuni bergan bayonotida jinoyatga aloqadorlikda gumonlanib 7 kishi ushlanganini ma’lum qilgan, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqlagan: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozog‘istonda qo‘lga olingani ma’lum qilingandi.

Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olindi. Manbalarga ko‘ra, bu iste’folar Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishi doirasida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar bilan bog‘liq.

Dmitriy Li haqida

Allamjonovga suiqasd buyurtmachilarining undan boshqa yana bir nishoni ham bo‘lgani haqidagi ma’lumot shu kunlarda ilk marta tarqalmoqda.

Dmitriy Li 2019 yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA, avvalgi nomi – Loyiha boshqaruvi milliy agentligi) direktori lavozimida ishlab kelmoqda. 2017-2019 yillarda agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

2017 yilda tashkil etilgan ILMA bugungi kunda kripto-aktivlar aylanmasi, kapital bozori, sug‘urta, elektron tijorat, lotereya tashkil etish va bukmekerlik faoliyati sohalarini tartibga solish va litsenziyalash bo‘yicha vakolatli davlat tashkiloti hisoblanadi.

Dmitriy Li mehnat faoliyatini xalq ta’lim tizimi ta’minoti sohasida boshlagan, keyinchalik mashinasozlik va metallurgiya sohasida turli rahbarlik lavozimlarida ishlagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston Interpol orqali Rasayev va Temirxanovni xalqaro qidiruvga berdi