14:31 / 10.01.2025
31

“Mutlaqo maxfiy”: Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd boʻyia jinoyat ishi sudda koʻrilmoqda

“Mutlaqo maxfiy”: Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd boʻyia jinoyat ishi sudda koʻrilmoqda
Foto: Komil Allamjonov / Telegram
Prezident administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasdga doir jinoyat ishi harbiy sudda koʻrila boshlandi. Bu haqda xabar bergan inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov suddagi mahkama “mutlaqo maxfiy” tarzda oʻtayotganini bildirdi.

Sudlanuvchilar soni koʻpligi, qoʻyilayotgan ayblov jiddiyligi va uning jamoatchilik uchun muhimligiga qaramay, yana mavhumlik hukm surmoqda”, – deya yozdi Tashanov Facebook'dagi sahifasida.

Prokuratura va sud organlari hozircha bu haqda xabar bermadi.

Komil Allamjonovga suiqasd

2024 yil 30 sentyabrgacha Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasida Axborot siyosati departamentini boshqarib kelgan Komil Allamjonov 26 oktyabrga oʻtar kechasi Qibraydagi oʻz uyi yaqinida hujumga uchradi: u oʻtirgan mashinaga bir necha bor oʻq uzilgan. Hodisada Allamjonovning oʻziga shikast etmagan. Shu kuni hodisa boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Ertasiga, 27 oktyabr kuni birinchi gumonlanuvchi ushlangani ma'lum qilindi. Bosh prokuratura 25 noyabr kungi bayonotida qoʻlga olinganlar soni 7 kishi ekanini ma'lum qildi, ulardan faqat bir nafarining shaxsini ochiqladi: bu – Janubiy Koreyadan ekstraditsiya qilingan Javlon Yunusov. Bayonotda yana bir gumondor Qozogʻistonda qoʻlga olingani ma'lum qilingan.

Noyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi tizimida bir qator yuqori lavozimli amaldorlar ishdan olindi. Manbalarga koʻra, bu iste'folar Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd ishi doirasida oʻtkazilayotgan tekshiruvlar bilan bogʻliq boʻlgan.

Dekabr oyida Oʻzbekiston chechenistonlik ekani aytilayotgan Bislan Rasayev va Shamil Temirxanov ismli Rossiya fuqarolarini Interpol orqali xalqaro qidiruvga berdi. Bosh prokuraturaga koʻra, bu – Allamjonovga nisbatan suiqasd ishi bilan bogʻliq boʻlib, qidiruvdagilar qonunga xilof ravishda Oʻzbekistonga kirish va chiqish, jinoyat haqida xabar bermaslik hamda oʻqotar qurolning qonunga xilof muomalasida ayblanmoqda.

Matbuotda tarqalgan tasdiqlanmagan xabarlarda, Rasayev va Temirxanovga Oʻzbekiston prezidenti administratsiyasi rahbarining sobiq oʻrinbosari Komil Allamjonov hamda Istiqbolli loyihalar agentligi direktori Dmitriy Lini oʻldirish buyurtmasi berilgani, bu ikki qotillik uchun buyurtmachi tomonidan ularga 1,5 mln dollar mukofot va'da qilingani aytilmoqda.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov 26 dekabr kungi bayonotida Qibraydagi jinoyatda “chechen izi” borligini yana bir bor rad etdi, shu bilan birga, Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilib, ular “qilmishlari” uchun javob berishini ta'kidladi. Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev bu tahdidni Oʻzbekistonning ichki ishlariga aralashish, sobiq deputat Rasul Kusherbayev esa terrorizm deb baholadi. Tojiyev, shuningdek. Rossiya Bosh prokuraturasidan Checheniston rahbarining tahdidiga huquqiy baho berishni soʻradi, Qodirovdan esa Oʻzbekiston xalqi oldida uzr soʻrashni talab qildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat