13:22 / 14.01.2025
163

Oʻzbekistonda aerotaksi xizmati joriy etiladi

Oʻzbekistonda aerotaksi xizmati joriy etiladi
Foto: Transport vazirligi
Oʻzbekistonda aerotaksi xizmati va VIP taksi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov hamda BAAning Jetex kompaniyasi ta'sischisi Adel Mardini oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi. Unda Transport vazirligi va Jetex kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ta'kidlanishicha, ushbu memorandum Oʻzbekiston fuqaro aviatsiyasi sohasida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun zamin yaratadi. Xususan, Jetex kompaniyasi “Toshkent—Sharqiy” aeroportida FBO shaklida davlat xususiy sherikchiligi asosida VIP va CIP mijozlarga xizmat koʻrsatishni tashkil etish boʻyicha investitsion loyihani amalga oshiradi.

Ushbu loyiha doirasida kichik aviatsiya sohasida ta'mirlash, sotish va saqlash xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi. Aerotaksi xizmati va VIP taksi joriy etiladi. Bu esa oʻz navbatida turizm sohasining rivojlanishiga ijobiy ta'sir koʻrsatadi hamda VIP mijozlar uchun qulaylik yaratadi.

Yoʻlovchilarga yuqori darajadagi xizmat koʻrsatishni ta'minlaydigan mazkur loyihaning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi poytaxtimiz nufuzi va jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Qolaversa, mamlakatimizda biznes aviatsiya sohasida 200 dan koʻproq yuqori malakali ish oʻrinlari yaratilishiga erishiladi. Bir soʻz bilan aytganda, Jetex kompaniyasining ilgʻor tajribasiga tayangan holda mamlakatimizda biznes aviatsiyasini ishonchli va barqaror rivojlanishini ta'minlashga erishildi”, deyiladi xabarda.

Jetex kompaniyasi haqida

Foto: Jetex
Kompaniya 2005 yilda tashkil etilgan boʻlib, 5 qit'ada 30 ta biznes birlashmasiga ega global tarmoqni tashkil etgan. Butun dunyo boʻylab 50 dan ortiq nuqtalarda, jumladan Yaqin Sharq, Evropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Afrika va Amerikada kun-u tun mijozlarga xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanadi.

BAAning Jetex kompaniyasi Oʻzbekiston aviatsiya bozoriga kirishi haqida 2020 yilda ma'lum qilingandi. Kompaniya oʻz mablagʻlari hisobidan Toshkent xalqaro aeroporti infratuzilmasini yanada rivojlantirish maqsadida yoʻlovchilar va biznes aviatsiyaga xizmat koʻrsatuvchi yangi maxsus terminal va angar qurishni rejalashtirayotgani aytilgandi.

FBO (Fixed Base Operator) — aeroportlarda havo kemalari va yoʻlovchilarga kompleks servis xizmatlari koʻrsatuvchi, xususan, havo kemalariga yoqilgʻi quyish, toʻxtash joyi, angarda saqlash, texnik va ta'mirlash xizmatlarini koʻrsatish, havo kemalarini ijaraga berish, charterlarni sotish, taksi va yana boshqa koʻplab xizmat turlarini koʻrsatuvchi tashkilotdir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat