Aholi, ayniqsa, yosh avlod vakillari tomonidan sanitariya-gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish maqsadida 2025 yil 1 maydan boshlab Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi tomonidan «Toza qoʻllar» dasturi amalga oshiriladi.
Bu haqda «Oʻzbekiston–2030» strategiyasini «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasida qayd etilgan.
Dastur joriy etilishi tufayli quyidagi natijalarga erishiladi:
— jamoatchilik fikri asosida barcha sogʻliqni saqlash va ta'lim muassasalarida qoʻl yuvish joylari zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta'minlanadi;
— sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holati yaxshilanadi;
— sanitariya-gigiyena xonalari yangi qurilayotgan muassasalarda binoning ichki qismida joylashtiriladi;
— barcha turdagi jamoat sanitariya-gigiyena xonalari, shu jumladan, umumiy ovqatlanish tashkilotlarini sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta'minlash bilan bogʻliq dastur qabul qilinadi;
— 2025 yil 1 avgustga qadar Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va BMTning xalqaro ekspertlari jalb etilgan holda respublikaning barcha ijtimoiy soha muassasalarida «2025–2028 yillarda Oʻzbekistonda sanitariya-gigiyena tizimini yaxshilash» dasturi loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
— asosiysi, mamlakatning sanitariya-epidemiologiya holati va aholi salomatligi yaxshilanadi.
«Toza qoʻllar» dasturi sogʻliqni saqlash va ta'lim muassasalarida sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Ma'lumot uchun, Prezident Farmoni loyihasi «Oʻzbekiston-2030» xalq strategiyasi onlayn portalida keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan. Loyiha 2025 yil 22 yanvarga qadar keng jamoatchilik va ekspertlik muhokamalaridan oʻtkaziladi. Unda siz ham faol ishtirok etib, oʻz taklif va mulohazalaringizni uzbekistan2030.uz onlayn portali hamda @Ekologiyayilibot telegram boti orqali yuborishingiz mumkin!
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring