14:01 / 27.10.2016
9 040

Homilador ayol 58-avtobus haydovchisi ustidan shikoyat qildi

Homilador ayol 58-avtobus haydovchisi ustidan shikoyat qildi

Kecha, 26 oktyabr kuni, Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani, Hamid Olimjon bekatiga katta tezlikda kelib to‘xtayotgan avtobus haydovchisi ona va bolaning avtobusga chiqib olishini kutmay, qizaloq avtobusga chiqqach, eshiklarni yopib, o‘z yo‘nalishida davom etgan.

Homiladorlikning 39 haftasida bo‘lgan ayol esa avtobus ortidan yugurib, arang uni to‘xtatgan va qizini avtobusdan tushirib olgan. O‘zi bilan sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqea haqida Facebook’ning “Potrebitel.uz” guruhi a’zolaridan biri Nadeja Udovichenko yozib qoldirdi.

Uning xabarida shunday deyiladi:

“Sizlarga avtobuslardagi tartibsizlik haqida aytib bermoqchiman. Kecha, (26.10.2016) soat 18:20 da qizim bilan Hamid Olimjon avtobus bekatida 58-avtobusni kutayotgandik. U katta tezlikda kelib, bekatdan nariroqda to‘xtadi. Avtobusga chiqishga shoshildik. Biz avtobusga oxirgi yo‘lovchilar safida chiqayotgandik. Qizimning qo‘lidan ushlab, unga avtobusga chiqishga yordam berdim. Qizim ikkinchi oyog‘ini avtobusga qo‘yishi bilan avtobus eshiklari yopildi, men esa ko‘chada qolib ketdim. Avtobus esa o‘z yo‘lida keta boshladi.

Bu holat shunchalar tez yuz berdiki, hatto, nima bo‘layotganini tushunolmay qoldim. O‘sha vaqtda nimani his qilganimni so‘z bilan ta’riflab berish qiyin. Noiloj avtobusning ortidan yugura boshladim va to‘xtatishni so‘rab qichqirdim.

Ayni damda 39 haftalik homilam bor. Shu holatda ancha masofaga yugurishimga to‘g‘ri keldi. Haydovchi qichqirayotganimni eshitdi shekilli avtobus to‘xtadi. Avtobus chiqishim bilan haydovchini koyib berdim. Chiptachi esa hayrat bilan “Yaxshi qiz, nega jahlingiz chiqayapti? Shunchaki avtobusning yon oynasi yo‘q, shuning uchun haydovchi avtobusga hamma chiqayotganlarni ko‘ra olmaydi”, dedi. Men esa avtobuslar saroyi yoki avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga borib, yon oynani o‘rnatsin, deb aytdim.

Avtobus bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin ham xuddi biror joyga shoshilayotgandek katta tezlikda yura boshladi, qator qoidalarni buzdi. Qo‘rqinchli bu holatdan boshim uzoq vaqtgacha og‘ridi, o‘zimga kela olmadim. Axir homilador holatimda shunday holatga uchrash hazil gap emas. Bugun tongda “Ishonch telefoni”ga qo‘ng‘iroq qilib shikoyat qoldirdim. Shikoyatimga e’tiborsiz qarashmaydi va chora ko‘rishadi, degan umiddaman”.

Guruh a’zosining yozganlarini o‘qib, boshqa foydalanuvchilar ham vaziyatga o‘z munosabatlarini bildirishgan. Aytish kerakki, ko‘pchilikning aynan avtobus qatnovi, haydovchilarning boshqaruvi, madaniyati borasidagi fikrlari salbiy:

“58-avtobus katta tezlikda yuradi. Ba’zida eshiklarini oxirigacha ochmasdan turib joyidan qo‘zg‘aladi. Avtobus saroylarini nazoratga olish va bunday tartibsizliklarga chek qo‘yish kerak”.

“Men Tez yordamda ishlayman. Ko‘pincha YTH holatlarini kuzataman. Odamlar, e’tiborli va tartibli bo‘linglar. YTHdan keyin shifoxonaga jabrlanganlarning qay ahvolda kelishlarini ko‘rganingizda edi...

Mazkur voqeadan haydovchilar, xususan, avtobus haydovchilari to‘g‘ri xulosa chiqarsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Biz ham fuqaroning murojaati inobatga olinib, avtobus saroyi tomonidan haydovchiga tegishli choralar ko‘riladi, degan umiddamiz. Zotan, haydovchilar kun davomida avtobusga chiqayotgan yuzlab, minglab odamlar hayotiga mas’ul ekanlarini unutishmasin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Homilador ayol 58-avtobus haydovchisi ustidan shikoyat qildi