12:58 / 21.01.2025
82

Loyiha: shaxsning oʻz aybini tan olishi yagona dalil boʻlsa, u jazolanmaydi

Loyiha: shaxsning oʻz aybini tan olishi yagona dalil boʻlsa, u jazolanmaydi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi koʻrib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat-protsessual kodeks hamda «Sudlar toʻgʻrisida»gi Qonunga tegishlicha oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Unga koʻra, jumladan, jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yoʻli bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi.

Gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga va sudlanuvchiga oʻzini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta'minlanadi hamda aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.

Shuningdek, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlashi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi belgilanyapti.

Hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas, shuningdek, agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

Qolaversa, yuqoridagi qonun hujjatlariga shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat