Jinoyat ishlari boʻyicha Gʻijduvon tuman sudi binosida fuqaro xonadonidan topilgan kannabis oʻsimligini yoʻqqa chiqarishga uringan hudud profilaktika inspektori hamda sobiq IIB xodimiga hukm oʻqildi.
Gʻijduvon tumani IIB 2-son Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi inspektori Sh.Sh. oʻziga biriktirilgan xizmat hududi Saidkent qishlogʻidan oʻtib ketayotganida, fuqaro M.T.ning yashash xonadoni tomorqasida etishtirilayotgan oʻsimliklar uning e'tiborini tortgan. Xonadon egasi M.T.ni chaqirib, etishtirayotgan oʻsimliklarining 2 tupi kannabis ekanini aytgan va uni erdan sugʻurib olgan. Inspektor ushbu holatni oʻziga biriktirilgan xizmat planshetida rasm va videotasvirga olgan. Guvoh sifatida qoʻni-qoʻshnilarni chaqirib, dalolatnoma rasmiylashtirgan.
Fuqaro M.T. esa jinoiy javobgarlikdan qutilishni maqsad qilib, profilaktika inspektori bilan gaplashish uchun hamqishlogʻi A.H.ni chaqirgan. IIBning sobiq xodimi boʻlgan A.H. profilaktika inspektoriga aniqlangan jinoyat boʻyicha chora koʻrmaslikni, buning evaziga moddiy manfaatdor qilinishini bildirgan. Shu tariqa M.T. xonadonidan 700 AQSh dollarini olib chiqib, A.H.ga bergan. A.H. esa ushbu pullarni «kannabis operatsiya»sini yoʻqqa chiqarish uchun profilaktika inspektoriga tutqazgan. Inspektor ham xuddi hech narsa boʻlmagandek, 700 AQSh dollaridan 200 AQSh dollarini undirib berishda vositachiligi evaziga A.H.ga qaytargan. «Kannabis operetsiyasi» holati surat va videolari ham, tuzilgan dalolatnomalar ham «yoʻq»qa chiqarilgan. Inspektor 2 tup kannabis oʻsimligini oʻzi bilan olib ketgan.
Biroq, ushbu jinoiy ish profilaktika inspektorining hamkasblariga oʻsimlik turini aniqlash uchun joʻnatgan suratlari ortidan fosh qilindi.
Buxoro viloyat IIB ichki xavfsizlik inspektsiya xodimlari inspektorning qoʻl telefoni hamda xizmat planshetini olib, viloyat IIB binosida bayonnoma rasmiylashtirishgan. Videotasvir orqali surishtiruv harakatlarini oʻtkazishgan. Profilaktika inspektori oʻz aybiga iqror boʻlmagan va fuqaro xonadonidan hech qanday kannabis chiqmagani, tomorqasidan chiqqan oʻsimlik esa kartoshka oʻsimligi ekani, uni yoʻqotib yuborishgani, sobiq IIB xodimi A.H.bilan ham hech qanday oldi-berdisi yoʻqligini bildirgan.
Surishtiruvlar natijasida esa inspektorning xizmat plansheti «yashirin» papkasidan fuqaro M.T. xonadonidan 2 tup kannabis oʻsimligi topilgani, holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirilgani va xolislarni chaqirish uchun olib borilgan barcha jarayonlar vidoyetasviri topilgan.
Mazkur ish yuzasidan boʻlib oʻtgan sud majlisida sudlanuvchi tariqasida soʻroq qilingan Sh.Sh. (mahalla inspektori) aybiga iqrorlik bildirmagan.
«Sudlanuvchi aybiga iqror boʻlmasa-da, profilaktika inspektorining xatti-harakatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar, tomonlarning ashyoviy dalillari jinoyatning fosh etilishini ta'minladi», - deydi sud raisi Bobur Umarov.
Oʻz xizmat vazifasini suiiste'mol qilgan va undan gʻarazli maqsadlarda foydalangan profilaktika inspektori Sh.Sh. Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Shuningdek, kannabis giyohvandlik vositasini oʻz tomorqasida etishtirgan M.T.ga nisbatan 2 yilu 2 oy muddatga, IIBda uzoq yil xizmat qilib, nafaqaga chiqqan A.H.ga nisbatan esa 3 yil muddatga qamoq jazosi qoʻllanildi.
Har uch aybdorning ham jazoni umumiy tartibli koloniyalarda oʻtashi belgilandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar