19:20 / 27.01.2025
2 215

Sherzodxon Qudratxoʻja Ibn Sino tojik deb da'vo qilgan Tojikiston amaldoriga qanday javob berdi?

Sherzodxon Qudratxoʻja Ibn Sino tojik deb da'vo qilgan Tojikiston amaldoriga qanday javob berdi?
Avvalroq Tojikiston madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyon Amerikaning CNN telekanalining Abu Ali ibn Sino oʻzbek olimi sifatida tilga olingan materialiga munosabat bildirib, Ibn Sinoning tojikligini da'vo qilgandi. Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxoʻja ushbu holat boʻyicha izoh berdi.

Sherzodxon Qudratxoʻja Tojikiston madaniyat vaziri Matlubaxon Sattoriyonga oʻzbek-tojik doʻstligi koʻp ming yilga borib taqalishini e'tirof etib, oʻz hurmatini izhor qilgan.

"Ammo buyuk faylasuf Suqrot aytganidek, Aflotun manim doʻstim, biroq haqiqat ustundir. Birinchidan, Markaziy Osiyo davlatlari endi haqiqatdan ham birlashayotgan bir tarixiy paytda, oʻzaro chegaralar ochilib, barcha sohalarda mukammal hamkorlik rivojlanayotganda barchamiz aytayotganimizni etti oʻlchab bir kesib gapirishimiz kerak, albatta”, deb yozadi OʻzJOKU rektori.

Qudratxoʻja shu mavzuda bahs ochilgan ekan, mintaqa tarixini puxta oʻrganganda, IX-X asrlarda mintaqada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston yoki Qirgʻiziston deb tavsiflanish boʻlmaganini e'tirof etgan.

U oʻsha zamonlardagi ilm-fanning va ma'rifatning yuksalishi, renessans davrining choʻqqiga chiqishining bosh omillaridan biri mintaqadagi bir joʻgʻrofiy hudud qamrovidagi yaratilgan erkin muhit boʻlganini ta'kidladi.

"Bugungi kunda internetning istalgan qidiruv tizimiga murojaat qilsangiz, Abu Ali Ibn Sino qaysi mamlakat farzandi deganda: Abu Ali Ibn Sino (980-1037), mashhur tabib, faylasuf, matematik va olim, Buxoro yonida tugʻilgan. Uning tugʻilgan joyi hozirgi kunda Oʻzbekiston hududiga toʻgʻri keladi. Shu sababli Ibn Sino Markaziy Osiyo farzandi hisoblanadi", deya qoʻshimcha qiladi Qudratxoʻja.

Shuningdek, Sherzodxon Qudratxoʻja Abu Ali Ibn Sinoning millati toʻgʻrisidagi savol qanchalik oʻrinsiz boʻlsa-da, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta'sir qilmay qolmasligini alohida yozdi.

"Va shubhasiz, uchinchi taraf bunday hollardan oʻzining gʻaraz maqsadlarida foydalanadi. Biz bugun katta mintaqada yashar ekanmiz, ilm-fan, adabiyot, ma'rifat sohasida choʻqqiga chiqqan ulugʻ olimlarni seniki, meniki demasdan bir zaminda yashagan bobolarimizning munosib farzandlari boʻlishimiz kerak", deya qoʻshimcha qilgan siyosiy fanlar doktori.

Oʻtgan hafta CNN telekanali Abu Ali ibn Sinoni oʻzbek olimi sifatida tanishtirgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat