
Teleboshlovchi Nilufar Sotiboldiyevani haqorat qilgan shaxsga hukm oʻqildi. Jinoiy ish JIB Mirzo Ulugʻbek tuman sudida sudya Bahrom Berdiyev raisligida koʻrib chiqildi.
Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 1987 yilda tugʻilgan, Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro A.J. 2024 yil 30 iyun kuni Instagram orqali Nilufar Sotiboldiyevani haqoratlagan. Mazkur shaxs 2024 yil avgust oyida firibgarlik jinoyatida ayblanib, qamoqqa olingan. Shu sababli sud jazoni ijro etish koloniyasidan videokonferens-aloqa rejimi orqali oʻtkazilgan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Ma'lum boʻlishicha, Nilufar Sotiboldiyeva 2024 yil mart oyida Tailandga qilgan sayohati chogʻida qizi bilan birgalikda raqsga tushib, uni oʻzining Instagram’dagi sahifasiga joylashtirgan. Suxandonga notanish boʻlgan “azimsherdjurayev” nomli akkaunt egasi esa shu post ostiga haqoratli izohlar yozib qoldirgan. Shundan soʻng u huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilgan.
A.J. sudda aybiga toʻliq iqror boʻlgan.
“Qiz farzandli boʻlishni doimo niyat qilganman. Ushbu boshlovchi oʻzining qizi bilan tarbiyasiz xatti-harakatlar qilayotganini koʻrib, jahlim chiqib ketdi. Shu sababli, uning videolavhasiga izoh yozdim. Bir hafta oʻtib menga nomsiz akkaunt orqali bir shaxs xabar yozdi va “nima uchun meni haqoratlading?” deya soʻradi. Ushbu noma'lum shaxs Nilufar Sotiboldiyeva ekanini bilib, unga yosh bolaning tarbiyasiga ta'sir qiladigan qiliq qilganing uchun seni soʻkdim, deb javob berdim”, degan u oʻz koʻrsatmasida.
Erkak qilmishidan pushaymon ekanini aytib, jabrlanuvchidan kechirim soʻrashini bildirgan.
Nilufar Sotiboldiyeva sudlanuvchi bilan yarashmasligini, bu qolganlarga dars boʻlishini ma'lum qilgan hamda suddan A.J.ga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan. Shuningdek, u ma'naviy zarar sifatida 100 mln soʻm talab qilgan.
Sud hukmi bilan A.J. Jinoyat kodeksining 140-moddasi (haqorat qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga ish haqining 10 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil muddatga ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar