08:19 / 30.01.2025
521

Ikki inson qotili va 105 ming dollar oʻgʻrisi: xavfli retsidivist bilan suhbat

Ikki inson qotili va 105 ming dollar oʻgʻrisi: xavfli retsidivist bilan suhbat
Foto: “Daryo”
Odamzod oʻzi bilmagan holda jinoyatga qoʻl urishi, adashishi mumkin. Ammo u jinoyatni qayta-qayta sodir etsa, uni hech qanaqasiga oqlab boʻlmaydi. “Nadomat” loyihasining navbatdagi qahramoni 36 yoshda, u 19 yildan buyon jazoni ijro etish muassasasida saqlanmoqda. Uning yoshlik yillari panjara ortida oʻtdi.

Mahkum — 37 yoshda. U 17 yoshida qotillik jinoyatini sodir etgan. 2009 yili afv etilib, ozodlikka chiqarilgan. Ammo oʻsha yilning oʻzidayoq ikkinchi qotillikka qoʻl urgan. 2009 yili 18 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Qilgan jinoyatlaridan tegishli xulosani chiqarmay, 2016 yili manzil koloniyadan qochib ketgan. 11 oylik qochqinlik davomida oʻzga fuqaroning 105 ming AQSh dollari miqdoridagi pulini oʻgʻirlagan.

— Oilada uchta farzandmiz, onam yolgʻiz oʻzi bizni tarbiyalab, voyaga etkazgan. Birinchi jinoyatimni 17 yoshimda sodir etganman. Oʻshanda sherigim bilan bir bolani doʻpposlaganmiz, afsuski, u olgan jarohati sabab vafot etgan.

Oilada uchta oʻgʻilmiz, onam har doim oʻqishimiz kerakligini aytgan. Ammo fe'limdagi urush-janjalga moyillik sabab koʻp muammolarga kirib qolardim. Men 13 yilga, jinoiy sherigim esa 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U paytda bor-yoʻgʻi 17 yosh boʻlganim uchun meni afv etishgan. 2009 yili ozodlikka chiqarilganman, ammo oʻsha yilning oʻzida bir inson bilan qattiq janjallashib, unga tesha yordamida jiddiy jarohat etkazganman. U ham vafot etgan, jinoyatim uchun meni 18 yilga ozodlikdan mahrum etishgan.

2016 yili manzil koloniyasiga chiqarilganman. U erda paxta terimiga olib chiqishgan. Afsuski, kalta oʻylab, u erdan qochib, 11 oy mobaynida yashirinib yurganman. Qoʻshni mahallada sirena ovozi eshitilsa ham, yuragim taka-puka boʻlardi. Qochqinlikda yashash osonmas, puldan qiynalganim uchun Toshkent viloyati Keles shaharchasidagi uylarning biriga oʻgʻirlikka tushganman. Xonadon egalarini avvaldan tanimaganman, jinoiy sherigim ham boʻlmagan. Yarim tunda uyga kirib, 105 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni oʻgʻirlaganman. Yashirinib, 5 ming dollarni oʻz ehtiyojim uchun ishlatganman. Ammo jinoyatni sodir etgan inson baribir qoʻlga tushadi, meni qoʻlga olib, jazoni ijro etish muassasasiga qaytarishgan. Qoʻshimchasiga oxirgi jinoyatim uchun 169-modda bilan yana sudlandim.

Oʻylab koʻrsam, 17 yoshimdan buyon zona va manzil koloniyasida umrim oʻtadi. Yoshlik zavqini umuman his qilganim yoʻq, shu yoshgacha oila qurib, bitta farzandli ham boʻlolmadim. Juda koʻp narsalarni yoʻqotdim.

Oʻldirgan insonlarimni koʻp eslayman, ular ham oʻzimizdek insonlar edi. Haligacha kechasi uyqum yoʻq, 2-3 gacha koʻzim ilinmaydi. Ular xuddi yonimda yurgandek tuyulaveradi, deydi mahkum.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat