
Joriy yilgi davlat dasturida poliklinikalarda navbat toʻliq elektronga oʻtkazilishi belgilangan. Vazirlik bunga qanchalik ulgura oladi? Bu haqda Shayxontohur tumani 41-oilaviy shifoxonasi bosh shifokori Dildora Mirxoliqova gapirib berdi.
2025 yilga moʻljallangan davlat dasturiga muvofiq tibbiyotning birlamchi boʻgʻinini bosqichma-bosqich transformatsiya qilish koʻzda tutilgan. Bunga Sogʻliqni saqlash vazirligi ulguradimi, respublikada tizimni toʻliq ishga tushirish qanday ketyapti? Kun.uz shu savollarga javob olish uchun Toshkent shahri Shayxontohur tumani 41-oilaviy shifoxonasi bosh shifokori Dildora Mirxoliqova bilan suhbatlashdi.
Shifokorga koʻra, Toshkent shahrida poliklinikalarni elektron tizimga oʻtkazish 2024 yildan boshlangan. Bu bosqichga oʻtishdan oldin har bir oilaviy poliklinikada elektron tizimga tayyorgarlik koʻrilgan. Bunda dastlab aholining tibbiy elektron roʻyxati ishlab chiqilgan.
“Oilaviy poliklinikalardagi har bir shifokor, hamshiralar kompyuterlar bilan ta'minlandi. Shifokor oldi koʻrik xonalari tashkil etildi. Aholi elektron navbat olishi uchun sharoitlar yaratildi”, – deydi Mirxoliqova.
Elektron navbatni 5 xil usulda olish mumkin. Birinchisi poliklinikalarda oʻrnatilgan infokiosklar orqali. Bunda bemor oʻz JShShIRini kiritish orqali navbat oladi.
Ikkinchi usuli poliklinikalarda aholini yuzidan taniydigan Face ID kameralari orqali ham navbat olish mumkin.
Uchinchisi poliklinikadagi mobil qizlar. Har bir oilaviy poliklinikada 3-4 nafardan mobil qiz xizmat koʻrsatadi. Ular ilk marta kelayotgan bemorni roʻyxatga oladi va shu orqali ham navbat talonlari olsa boʻladi.
Toʻrtinchisi uyda turib, mygov.uz orqali ham navbat olish mumkin.
Beshinchi esa Dmed dasturi. Shu dastur ilovasini yuklab olib, unga aholi oʻzining JShShIRini kiritishi va bu orqali oʻzi roʻyxatga olingan poliklinika shifokori navbatiga yozilishi mumkin.
“Bunda har bir oilaviy poliklinikada bizning IT hamshiralarimiz bor. Ular uyda turib navbatga yozilishni aholiga oʻrgatishadi. Aholi oʻzining raqami, soati bilan kelsa, shifokori qabuliga kira oladi. Oldin shifokor eshigi tagida navbat kutib, qolib ketish holatlari boʻlardi. Hozir bunaqa muammolar yoʻq boʻldi”, – dedi bosh shifokor.
Mirxoliqova tizimdagi, yana bir qulaylik, ya'ni shifokorga kelgan bemor tahlil natijalari uchun sarson boʻlishi oldi ham olinganini qoʻshimcha qildi.
“Hozir bemorning tahlil va tekshiruv javoblari shifokor kompyuterida koʻrinadi. Shifokor ham uning har bir tashxisi orqasidan qidirib yuradigan, bemor ketib qoladigan holatlar boʻlardi. Shu yoʻqoldi. Natijada shifokor tashxisini tezroq qoʻyadi va sogʻlomlashtirish ham shunga mos boʻladi”, – dedi u.
Kun.uz muxbiri shifokorga elektronlashtirish tizimi butun respublikada toʻliq ishga tushishi 2025 yilda tugaydimi degan savol bilan murojaat qildi. Mirxoliqova bu tizim Toshkentdagi har bir oilaviy poliklinikalarda yoʻlga qoʻyilgani, hozir bosqichma-bosqich viloyatlarda ham davom etayotganini aytdi.
“Hozir Samarqand viloyatiga oʻtyapmiz, 2025 yilda qolgan viloyatlarda ham joriy qilib tugatiladi. Toshkent darajasida boʻlmasa ham tizim boshlangan. Bu boʻyicha viloyatlar SSB boshliqlari malaka oshirishga kelib, Toshkent oilaviy poliklinikalarini oʻrganishyapti”, – dedi u.
Ma'lumot uchun, davlat dasturida oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari va mahalla tibbiyot punktlarida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini koʻrsatishning samarali tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar faoliyati markaziy shifoxonalarning maslahat diagnostika poliklinikasi sifatida yoʻlga qoʻyiladi. Markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish, shifokor qabuliga navbatni toʻliq elektron shaklga oʻtkazish, shuningdek, davlat tomonidan sanitariya-gigiyena normalariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilgan holda stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish — boshqa choralar qatorida.
Zuhra Abduhalimova

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar