21:25 / 20.02.2025
761

Andijondagi gaz "zapravka"da avtomobil gaz balloni portlab ketdi

Andijondagi gaz "zapravka"da avtomobil gaz balloni portlab ketdi
Foto: Videodan kadr
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Shahrixon tumanidagi gaz "zapravka"da sodir boʻlgan portlash yuzasidan ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 20 fevral kuni soat 18:02 da Shahrixon tumani «Yangi Naynavo» MFY hududida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida (propan) havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir boʻlgani haqida Andijon viloyati FVBga xabar kelib tushgan, soat 18:13 da voqea joyiga yongʻin-qutqaruv ekipajlari etib borgan.

Hodisa oqibatida yongʻin kelib chiqmagan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibining ma'lum qilishicha, chaqnash Labo rusumli transport vositasida yuz bergan.

Olingan birlamchi ma'lumotga koʻra, havo-gaz aralashmasi chaqnashi oqibatida zapravka hududida boʻlgan ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan. Malakali tez tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida ular tuman tibbiyot birlashmasi markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Hodisa sodir boʻlish omillari va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat