16:04 / 21.02.2025
217

Oʻzbekiston armiyasida dronlar va ularga qarshi kurashish boʻlinmalari tashkil etiladi

Oʻzbekiston armiyasida dronlar va ularga qarshi kurashish boʻlinmalari tashkil etiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Oʻzbekiston prezidenti, Qurolli Kuchlar oliy bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev 21 fevral kuni harbiy xavfsizlik va davlat mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Majlisda Xavfsizlik kengashi a'zolari, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qoʻmondonlari hamda joylardagi studiyalardan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi Raislari, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, shuningdek, mahalliy hokimiyat organlari mas'ullari ishtirok etdi.

Yigʻilish avvalida mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasida qilingan ishlar va ularning natijalari hamda yoʻl qoʻyilgan ayrim kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.

Milliy armiya zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan ta'minlanayotgani, harbiy xizmatchilarning jangovar va ma'naviy tayyorgarligi sezilarli darajada oshgani qayd etildi.

Jahon tajribasi va tahlillardan kelib chiqib, ichki va tashqi xatarlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha yangi jangovar boʻlinmalar tuzildi, qoʻshinlar tarkibi optimallashtirildi.

Armiyani modernizatsiya qilish va zamonaviy qurollantirishning yangi tizimi – mudofaa sanoati yanada rivojlantirilgani, qoʻshimcha korxonalar tashkil qilingani qayd etildi. Qurolli Kuchlar tomonidan 20 dan ziyod mamlakat bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 400 dan ortiq qoʻshma mashgʻulotlarda yuqori koʻrsatkichlarga erishilganligi aytib oʻtildi.

Qurolli Kuchlar tarkibidagi harbiy oliygohlarning infratuzilmasi toʻliq modernizatsiya qilindi, oʻquv dasturi va metodikasi bugungi kun talablariga moslashtirildi.

Harbiylar va ularning oila a'zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish ham kuchaydi. Jumladan, 30 mingga yaqin oila uy-joy bilan ta'minlandi, oʻtgan yil davomida 2 mingdan ortiq harbiy xizmatchilarning farzandlariga oliy ta'lim muassasalariga oʻqishga kirish uchun imtiyozlar berildi.

Vatan himoyachilariga sharoit yaratishda harbiy-ma'muriy sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari ham ishtirok etmoqda. Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, maktablarda ularni chaqiruvga qadar boshlangʻich harbiy tayyorlashga e'tibor kuchaytirilmoqda.

Yigʻilishda 2025 yil va kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar belgilandi.

Milliy armiyani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilashda zamonaviy qurolli mojarolar, xavfsizlikka mavjud tahdidlar va harbiy harakatlar teatri xususiyatlarini hisobga olish zarurligi ta'kidlandi.

Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sun'iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qoʻllanmoqda. Shundan kelib chiqib, qoʻshinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun'iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qoʻllash va havo hujumidan mudofaa boʻyicha yangi boʻlinmalarni tashkil etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezident, Qurolli Kuchlar oliy bosh qoʻmondoni tomonidan Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini ta'minlash, jangovar tayyorgarlik koʻrsatkichlarini yanada takomillashtirish, sun'iy intellektga asoslangan qoʻshinlarni avtomatlashtirilgan yagona boshqarish tizimini yaratish, harbiy ta'lim va harbiy kadrlarni tayyorlashda dual ta'limdan foydalanish lozimligi ta'kidlandi.

Armiyaning ustuni boʻlmish “Bosh serjantlar korpusi” faoliyatini takomillashtirish, mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarni va ularning oila a'zolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy sport sohasiga yoʻnaltirish kabi muhim vazifalar belgilandi.

Yigʻilishda mudofaa vaziri, harbiy okrug qoʻmondonlari va boshqa mas'ullarning hisobot hamda takliflari eshitildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat