
20 fevral kuni yoʻl harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi. Unga koʻra, yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar kamida 6 oy muddatga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi.
Bunda 14 turdagi yoʻl harakati qoidabuzarligi uchun haydovchiga nisbatan asosiy jazo bilan birga jarima ballari hisoblab boriladi. Bular quyidagi huquqbuzarliklar:
- MJtK 125-moddasi uchinchi qismi – haydovchilarning tormoz tizimida, rul boshqaruvida yoki ulovchi qurilmada nosozligi boʻlgan yoxud tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlangan transport vositalarini boshqarishi;
- 125-modda beshinchi qismi – foydalanish belgilangan tartibda man etilgan transport vositalarini, xuddi shuningdek davlat raqam belgisi oʻzboshimchalik bilan echib olingan transport vositalarini boshqarish;
- 126-modda – koʻzgusimon va (yoki) tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali, shuningdek tevarak-atrofni koʻrishni cheklaydigan qoplamali transport vositalaridan foydalanish;
- 127-modda birinchi qismi – tovush signalini sababsiz berish, transport vositalariga uni ishlab chiqargan korxona nazarda tutmagan tovush chiqaruvchi va yorituvchi qurilmalarni oʻrnatish, xuddi shuningdek ularni oʻzgartirib oʻrnatish;
- 128-modda – haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yoʻlkalaridan yurgizishi, yoʻl belgilari va yoʻl harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi;
- 128-3-modda – transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi;
- 128-4-modda ikkinchi qismi – transport vositalari haydovchilarining svetoforning taqiqlovchi signaliga yoki yoʻl harakatini tartibga soluvchining taqiqlovchi ishorasiga boʻysunmasdan oʻtishi;
- 128-5-modda – transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yoʻlning qarama-qarshi harakatlanish uchun moʻljallangan tomoniga yoki boʻlagiga chiqishi;
- 128-6-modda – transport vositalari haydovchilarining toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzishi;
- 128-8-modda – transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish (yangi modda);
- 128-9-modda – transport vositalarini quvib oʻtish qoidalarini buzish (yangi modda);
- 129-modda – transport vositalari haydovchilarining yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi yoki avariya holatini keltirib chiqaruvchi guruh boʻlib harakat qilishda qatnashishi;
- 130-modda – transport vositalari haydovchilarining temiryoʻlning oʻtish joylaridan oʻtish qoidalarini buzishi;
- 137-modda birinchi qismi – yoʻl-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi.
Bunda sodir etilgan har bir huquqbuzarlik uchun hisoblanadigan jarima ballining eng yuqori miqdori 2 balldan oshmasligi kerak.
Jarima ballari belgilangan huquqbuzarliklardan biri birinchi marta sodir etilgan kundan e'tiboran bir yil davomida hisoblab boriladi. Ushbu jarima ballarining har biri bir yildan soʻng avtomatlashtirilgan tarzda echib boriladi.
Qaysi qoidabuzarlik uchun qancha ball hisoblanishi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan belgilanadi. Masalan, svetoforning qizil chirogʻida oʻtganda 2 ball berilishi mumkin. Ballar 12 oy davomida jami 12 balldan oshsa, oxirgi sodir etilgan huquqbuzarlik uchun qoʻshimcha jazo tariqasida haydovchi transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinadi. Sud tartibida bunday huquqdan mahrum qilish muddati 6 oydan kam boʻlmaydi.
Nima uchun avtomobillarda drift qilish, “shaxmat” usulida agressiv harakatlanish, mast holda mashina boshqarish kabi huquqbuzarliklar uchun ball kiritilmagan, degan oʻrinli savol paydo boʻlishi mumkin. Buning sababi, MJtKga qoʻshilayotgan 128-10-moddaga asosan, yoʻldagi bunday bezorilik birinchi marta sodir qilinganidayoq haydovchi 1 yildan 2 yilgacha muddatga guvohnomasidan mahrum boʻladi. Buning uchun 12 ball “yigʻish”ga hojat yoʻq.
Bundan tashqari, Senatdagi qonun muhokamalarida bir mashinani ishonchnoma asosida bir necha kishi boshqarishi, bunda jarima ballari kimga nisbatan hisoblanishi koʻtarilgan edi.
MJtK 17–1-moddasiga kiritilgan oʻzgartirishlarga koʻra, radarlar orqali yoʻl harakati qoidalari buzilganligi qayd etilganda javobgarlikka transport vositasining mulkdori yoki undan fuqarolik-huquqiy munosabatlar asosida foydalangan shaxs tortiladi. Ya'ni ishonchnoma asosida avtomobilni boshqarayotgan yoki sugʻurta polisiga kiritilgan yaqin qarindoshlar avtomobilda qoidabuzarlik qilsa, transport vositasini boshqargan shaxsga nisbatan jarima ballari toʻplanadi.
Jarima ballari tizimi amalda qachondan boshlab ishga tushishi hukumat qarori chiqqanidan keyin aniq boʻladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar