18:09 / 04.03.2025
81

O‘zbekistonda 20 martdan Temu platformasidan foydalanish cheklanadi

O‘zbekistonda 20 martdan Temu platformasidan foydalanish cheklanadi
O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq 20 martdan boshlab Temu platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, elektron tijorat operatorlari, xususan, elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan.

«Mamlakatimiz fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotganligi aniqlandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025 yil 20 martdan boshlab xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, Temu platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi», deyiladi xabarda.

Qo‘mita tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida bugungi kundan boshlab Temu platformasida buyurtma bermasliklarini so‘radi.

«Agar buyurtma bundan oldin amalga oshirilgan bo‘lsa, platformada to‘lovni qaytarishni tashkil etish tavsiya etiladi», deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi va Soliq qo‘mitasi fuqarolarni O‘zbekistonda o‘z faoliyatini mahalliylashtirmagan yoki mamlakatda Soliq qo‘mitasining elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar va marketpleyslar ro‘yxatiga kirmagan xorijiy elektron savdo platformalari xizmatlaridan foydalanmaslikka, ehtiyot choralarini ko‘rishga, shaxsiy va boshqa ma’lumotlarni bunday subyektlarga bermaslikka chaqirdi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat