Toshkent maktablarida matematika o‘qitishda yangi usul qo‘llaniladi

Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 220 ta maktabda matematika darslarini o'quvchilarning individual bilim darajasiga moslashtirish uchun Finlyandiyaning Eduten platformasi sinovdan o'tkazilmoqda. 350 nafar matematika o'qituvchisi foydalanishni o'rganayotgan platforma sun'iy intellekt yordamida o'quvchilarning qiyin mavzularini aniqlab, ularga mos qo'shimcha topshiriqlarni shakllantiradi.
Toshkentda matematika darslarida oddiy yodlash usulidan ko‘ra o‘quvchining individual bilim darajasiga mos yondashuvga e’tibor kuchaytirilmoqda. Bu jarayonda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish rejalashtirilgan.
220 ta maktabda yangi platforma sinovdan o‘tkazilmoqda
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 220 ta maktabdan 350 nafar matematika o‘qituvchisi Finlyandiyaning Eduten platformasidan foydalanishni o‘rganmoqda.
Platforma o‘quvchilarning bilim darajasini tahlil qilib, ular uchun individual topshiriqlarni shakllantirish imkonini beradi.
Sun’iy intellekt o‘quvchining qiyin mavzusini aniqlaydi
Eduten'ning asosiy xususiyati shundaki, tizim o‘quvchining topshiriqlarni bajarish natijalarini tahlil qiladi.
Qaysi mavzu o‘quvchi uchun murakkab bo‘lsa, sun’iy intellekt shu yo‘nalishda qo‘shimcha va moslashtirilgan topshiriqlarni tanlaydi.
Bu esa barcha o‘quvchilarga bir xil vazifa berish o‘rniga, ularning bilim darajasi va ehtiyojidan kelib chiqib ishlash imkonini yaratadi.
Platformadan millionlab o‘quvchilar foydalanmoqda
Bugungi kunda Eduten platformasidan dunyoning 50 dan ortiq mamlakatida 2 milliondan ziyod o‘quvchi va o‘qituvchi foydalanmoqda.
Loyiha qanday moliyalashtirilmoqda?
Yangi yondashuv Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan 378 million dollarlik BILIM dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.
Asosiy maqsad — sun’iy intellektdan foydalangan holda matematika ta’limini individuallashtirish va o‘quvchilarning bilimdagi bo‘shliqlarini aniqlash orqali ta’lim samaradorligini oshirish.































Izohlar 0
…