20:28 / 15.03.2025
68

Radarlar qayd etgan tezlikdan10 km/soat chegirib tashlanishi kutilmoqda

Radarlar qayd etgan tezlikdan10 km/soat chegirib tashlanishi kutilmoqda
O‘zbekiston hukumati radarlar qayd etgan ko‘rsatkichdan chegirib tashlanadigan 5 km/soat tezlikni 10 km/soatgacha oshirishga qaror qildi. Vazirlar Mahkamasi bu haqdagi qonun loyihasini parlamentga kiritgan.

Qonunchilik palatasi, bu qonun loyihasi endigina kelib tushgani va hali ko‘rib chiqilmaganiga qaramay, “endi qayd etilgan tezlikdan 10 km/soat chegirib tashlanadi”, deya xabar tarqatdi.

“Qonun loyihasi bilan tezlik bilan bog‘liq qoidabuzarliklar bo‘yicha radar va spidometrlar ko‘rsatkichlari xatolaridan kelib chiqib, qayd etilgan tezlikdan 10 km/soat chegirib tashlangan holda ma’muriy jazo qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda”, – deyiladi palata axborotida.

Qonunchilik palatasi Telegram-kanalidan skrinshot
Bu qonun qabul qilinib, kuchga kirsa, tezlik 60 km/soat bilan cheklangan joyda haydovchilarga hozirgidek 65 km/soat tezlikdan boshlab emas, 70 km/soat tezlikdan boshlab jarima qo‘llanadi.

Avvalroq bunday yangilikni joriy etish haqida o‘tgan yili iyulda bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov ko‘rsatma bergani ma’lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023 yilda boshlab shaharlar hududida yengil mashinalarning maksimal tezligi 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilgandi. Bu yangilikdan keyin kamera o‘rnatilgan joylarda YTHlar sezilarli kamaygan.

O‘zbekistonda har yili 2200 dan ortiq odam YTHlar qurboni bo‘ladi. Yana minglab odamlar avtohalokat tufayli mayib-majruh bo‘lib qolmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat