20:17 / 21.03.2025
149

O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 200 tonna insonparvarlik yordami yubordi

O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 200 tonna insonparvarlik yordami yubordi
Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Navro‘z bayrami va yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti munosabati bilan Afg‘oniston insonparvarlik yordami yetkazildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Afg‘oniston aholisi uchun mo‘ljallangan qariyb 200 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan yuk Balx viloyatiga yetkazilgan.

Qo‘shni mamlakatga yetkazilgan zarur oziq-ovqat mahsulotlari Hayraton shahridagi Astras kompaniyasi hududida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov, shuningdek, tegishli vazirliklari mutasaddilari hamda Balx viloyati gubernatori Muhammad Yusuf Vafo hamda ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirilgan.

Insonparvarlik yordami tarkibidan un, bug‘doy, makaron mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, shakar, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan.

Shuningdek, Mozori Sharif shahrida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilib, kelgusidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Suhbat davomida O‘zbekiston tomonidan Afg‘onistonda barpo etilayotgan Imom Buxoriy maqbarasi qurilishi haqida ham alohida fikr almashilgan.

Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan yordam uchun minnatdorchilik bildirib, yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llagan.

Tashrif davomida amalga oshirilayotgan yangi loyihalar bilan ham tanishilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat