20:30 / 26.03.2025
167

Nega yog‘li ovqatlarni yaxshi ko‘ramiz?

Nega yog‘li ovqatlarni yaxshi ko‘ramiz?
Yog‘li va kaloriyali ovqat iste’mol qilinganda miya qonga dopamin ajratadi. Bu – xursandchilik uchun muhim garmon. Quvonchni takrorlash uchun odamlar qayta-qayta yog‘li ovqatlarni sotib olishga harakat qiladi. Bundan tashqari, yog‘li ovqatlarni yaxshi ko‘rish insoniyat evolutsiyasi bilan ham bog‘liq.

Qovurilgan kartoshka, go‘shtli sho‘rva, muzqaymoq, quymoq va pishiriqlar bolalikdan beri ko‘pchilikning menyusi boshidan o‘rin olgan. Bunga sabab nima, nega odamlar yog‘li ovqatlarni ko‘proq yaxshi ko‘radi? Bu savolga shifokor-endokrinolog va nutritsiolog Darya Xaykina “Gazeta.ru”ga bergan intervyusida javob bergan.

“Eng sevimli taomingizni eslang. Balki u yog‘i oqib turgan burgerdir yoki hidi dimoqni qitiqlaydigan pitssa yoki yana boshqa narsa bo‘lishi mumkin. Hozir o‘zingizni qanday his qilyapsiz? Kayfiyatingiz ko‘tarildimi, ichingizda huzur va yengillik sezdingizmi? Gap shundaki, yog‘li va kaloriyali ovqat iste’mol qilganingizda, miyangiz qonga dopamin ajratadi – bu zavq uchun javob beruvchi neyromediato. Dopamin aynan o‘sha lazzat hissini yaratadi va bizni bu harakatni qayta-qayta takrorlashga undaydi. Shu orqali yog‘larga bog‘liqlik shakllanadi”, – deb tushuntirgan Xaykina.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon evolyutsiya bilan bog‘liq. Ajdodlarimiz qattiq sharoitlarda yashagani sabab ularga ko‘p energiya zarur bo‘lgan. Energiya esa kaloriyadan olinadi. Shu tariqa ajdodlarimiz yog‘li va kaloriyali mahsulotlarni afzal ko‘rgan.

“Ming yillar davomida shakllangan evolyutsiya bizga ham o‘tgan. Miyamizda “yog‘li taomni izlash kerak” degan fikr singib qolgan. Yog‘li mahsulotni ko‘rganimizda miya butun organizmga hamma narsa joyida, hayotni saqlab qolish uchun yetarli kaloriya topildi, degan signal yuboradi”, – deya tushuntirgan mutaxassis.

Shuningdek, u ilmiy tadqiqotlarga asoslanib, inson miyasi yog‘li taomlarning ta’mi bilan birga, ularning kaloriyaliligini ham eslab qolishini aytadi. Inson o‘ta kaloriyali taom iste’mol qilganida, miya o‘sha taomning ta’mi va energiyasi o‘rtasida kuchli bog‘liqlik yaratadi. Bu esa odatga aylanadi va vaqt o‘tishi bilan taom tanlashga ta’sir qiladi.

“Dopamin bilan bog‘liq kuchli stimulyatsiyadan tashqari, yog‘lar lazzatni sezilarli darajada kuchaytiruvchi omildir. Yog‘ til va og‘izdagi retseptorlarni faollashtirib, ta’mini yanada mazali qiladi. Natijada, biz ovqatdan ancha ko‘proq zavq olamiz. Bundan tashqari, madaniy omillar ham muhim rol o‘ynaydi. Slavyan oshxonasi tarixan qaymoq, dudlangan yog‘ (salo), sariyog‘ kabi yog‘li ovqatlarga boy. Bu lazzatlar bolalikdan shakllanib, butun umr davomida ovqatlanish odatlarimizga ta’sir qiladi”, – deb qo‘shimcha qilgan nutritsiolog.

Shifokor yog‘li taomlarga bo‘lgan ishtiyoqni qanday nazorat qilish haqida gapirar ekan, yog‘larni butunlay chiqarib tashlash noto‘g‘ri ekanligini eslatdi. Chunki ular organizmning normal ishlashi, jumladan, gormonlar sintezi va miya salomatligi uchun zarur.

“E’tiborni foydali yog‘larga qarating: baliq, yong‘oq, avokado, zaytun moyi. Transyog‘lar va to‘yingan yog‘lar miqdorini kamaytiring (tezpishar fast fudlar, do‘kondagi pishiriqlar). Yog‘larni oqsil va tolalar bilan birlashtirishga harakat qiling – bu ishtahani kamaytiradi va ortiqcha ovqatlanishning oldini oladi”, – degan u.

Foto: Depositphotos
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat