date
views 2 986

Yaponiyaning yirik kompaniyasi o‘zbekistonlik mutaxassislarga ish taklif qilmoqda

Yaponiyaning yirik kompaniyasi o‘zbekistonlik mutaxassislarga ish taklif qilmoqda
O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi mehnat hamkorligi yangi bosqichga chiqmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamda Yaponiyaning mashhur “Shimizu Corporation” kompaniyasi o‘rtasidagi muzokaralar natijasida yurtdoshlarimiz uchun Yaponiyadagi ish imkoniyatlari yanada kengaymoqda.

Shimizu — 200 yillik tarixga ega gigant

1804 yilda tashkil etilgan “Shimizu Corporation” — Yaponiyaning eng yirik va obro‘li qurilish kompaniyalaridan biri. Korxona qurilish, arxitektura, muhandislik va loyihalash sohalarida faoliyat olib boradi. Kompaniyaning yillik aylanmasi 15 milliard dollardan oshadi.

Ayni paytda kompaniyada 150 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis turli loyihalarda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Ular asosan qurilish va ishlab chiqarish tarmoqlarida ishlamoqda.

Kelishuv — yangi eshiklarni ochmoqda

Tomonlar o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda Yaponiyaning turli hududlarida yurtdoshlarimizni ishga joylashtirish ko‘lamini yanada kengaytirish masalasi muhokama qilindi. E’tiborlisi, endilikda haydovchilik sohasida ham o‘zbekistonliklar uchun ish imkoniyatlari ochilishi kutilmoqda.

Muzokaralar yakunida mazkur hamkorlikni rasmiylashtiruvchi memorandum imzolandi. Unda Yaponiyaning barcha hududlarida qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida hamkorlik qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbek haydovchilariga ham ishchi vizalar ochiladi

Yangi memorandum, ayniqsa, yapon bozorida haydovchi sifatida ishlashni xohlayotgan fuqarolarimiz uchun katta imkoniyat sanaladi. Rejaga ko‘ra, ishchi o‘rinlari soni bosqichma-bosqich oshirilishi kutilmoqda.

Siz Yaponiyada ishlashni xohlarmidingiz?

Zamin.uz bu mavzudagi eng muhim yangiliklarni yoritishda davom etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat