date
views 71

Samarqandda nufuzli muftiylar va islom ulamolari yig‘ildi

Samarqandda nufuzli muftiylar va islom ulamolari yig‘ildi
© Sputnik
Samarqandda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston.

Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 tadan ortiq davlatdan 70 nafardan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunos mutaxassislar va diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etmoqda.

© Sputnik
Prezident maslahatchisi Ruslanbek Davletov O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

"Buyuk vatandoshimiz asos solgan moturidiylik maktabi va ta’limoti esa e’tiqod borasida asrlar davomida bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat timsoli bo‘lib kelayotgani tahsinga sazovordir", — deyiladi tabrik matnida.

Anjumanda Imom Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati va shu kabi muhim masalalar muhokama qilinmoqda.

Konferensiya yakunida Imom Moturidiy ilmiy merosi va ta’limotini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqish imkonini beruvchi yakuniy deklaratsiya qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, Imom Moturidiy Samarqand yaqinida joylashgan Moturid qishlog‘ida tug‘ilib, shu yerda istiqomat qilgani uchun unga “al-Moturidiy” nisbasi berilgan. Imom Abu Mansur Moturidiy butun hayotini islomiy aqidani himoya qilish va ma’rifatini yoyishga bag‘ishlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda nufuzli muftiylar va islom ulamolari yig‘ildi