date
views 37

Germaniya elchisi: “Germaniyaga faqat malakali mutaxassislar kerak, noqonuniy muhojirlar emas”

Germaniya elchisi: “Germaniyaga faqat malakali mutaxassislar kerak, noqonuniy muhojirlar emas”
Fridrix Mers Germaniyaning yangi kansleri etib saylandi. Navbatdan tashqari saylovda uning XDI/XSI bloki mutlaq ovoz ololmagani bois Olaf Shols partiyasi bilan koalitsion hukumat tuzishga qaror qildi. Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi esa yangi hukumat ish boshlashi munosabati bilan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Fridrix Mers ilgari nemis hukumatida ishlamagan, lekin AQSH-Yevropa munosabatlarining murakkab davri, Ukraina urushi bo‘yicha strategik qadamlar tashlanib, Germaniya ichkarisida ham inqirozli vaziyat davom etayotgan bir davrda u hokimiyatni qo‘lga olmoqda. Mers bloki oxirgi saylovda nisbatan ko‘p ovoz olgan, mutlaq emas. Shuning uchun dushanba kuni koalitsiya tuzishga kelishib olindi. Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Manfred Hutererga ko‘ra, hukumat ishga kirishishidan avval koalitsiya shartnomasini qabul qilgan. Fridrix Mers tashqi dunyo kutib turmaydi, deya tezroq hukumat tuzishga harakat qildi.

Elchining qo‘shimcha qilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari bilan erishilgan kelishuvlar o‘z o‘rnida qoladi, dialog holati o‘zgarmaydi.

“Fridrix Mers Sholsning partiyasi GSDP bilan koalitsiya tuzishga qaror qildi va ikki tomon hafta boshida koalitsion hujjatga imzo chekdi. Demak, avvalgi partiya ham boshqaruvda bo‘larkan, Germaniya ichki va tashqi siyosatida davomiylik ta’minlanadi. Mers tashqi siyosatda faol, u saylaniboq ertasida Parij, keyin Polshaga boradi” – deydi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Manfred Huterer.

Navbatdan tashqari saylovdan oldin Mers va uning bloki chegarani mahkamlash, qattiqroq migratsiya siyosati talabi bilan chiqqan. Bundan tashqari, Shols hukumati noqonuniy muhojirlar ko‘payib ketgani bois jiddiy tanqidlarga uchragan. Yangi hukumat biroq, Germaniya darvozalarini migrantlar uchun to‘liq yopmaydi, faqat qonuniy yo‘llar bilan keluvchi malakali mutaxassislar qabul qilinadi. Ular nemis tilini ham bilishi lozim.

“Saylov oldidan bo‘lgan debatlarda hamma bir xil fikrni aytdi – hamma noqonuniy migratsiyaga butunlay qarshi. To‘g‘ri, Germaniyaga muhojirlar kerak, biroq malakali mutaxassislarga ehtiyojimiz bor. Masalan, sog‘liqni saqlash sohasida 300 ming, 80 ming nafar og‘ir vaznli yuk mashinalari haydovchilariga ehtiyojimiz bor. Hech qachon qonuniy migratsiyaga qarshi bo‘lmaganmiz” – deydi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Manfred Huterer.

Germaniya xuddi Fransiya kabi O‘zbekistonga xomashyo manbalari yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biri sifatida ham qaraydi, ya’ni Berlin xomashyo bilan ta’minlovchi bozorni diversifikatsiya qilmoqchi.

Elchiga ko‘ra, o‘tgan yillar mobaynida Germaniya O‘zbekistonga 700 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan, shulardan 300 million dollari davlatdagi siyosiy loyihalar uchun sarflangan kreditlar hisoblanadi. Endilikda Germaniyaning turli fondlari mas’uliyatli hukumat boshqaruvi va barqaror shaharlarni qurish uchun mablag‘ berishni rejalamoqda.

Bugungi kunga kelib Germaniya va O‘zbekistonning o‘zaro savdo aylanmasi 1 mlrd yevroga yaqinlashgan, deydi elchi. Bundan tashqari, Berlin O‘zbekistonning mustahkam mudofaa salohiyatiga ega bo‘lishini istaydi.

Dunyo oxirgi vaqtda yarim kuchlarning bosimi ostida qolmoqda, jumladan Germaniya ham. Berlin dunyo shohsupasiga faqat gigant davlatlar emas, o‘rta va kichik davlatlar ham chiqishi tarafdori, dedi Manfred Huterer o‘z chiqishida. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina urushi tugashi kerak, lekin Ukraina manfaatlari hisobga olingan holda. Hozir o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilyapti, biroq bu Kiyev manfaatlari oyoqosti bo‘ladigan tarzda qilinmasligi kerak, dedi elchi.

Elchi yaqin kunlarda Fridrix Mers va Donald Trampning telefon orqali muloqoti kutilayotganini ham ma’lum qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Germaniya elchisi: “Germaniyaga faqat malakali mutaxassislar kerak, noqonuniy muhojirlar emas”