date
views 1 391

Klip syomkasida aktrisani «Gelik» bosib ketgani yuzasidan sud boshlandi

Klip syomkasida aktrisani «Gelik» bosib ketgani yuzasidan sud boshlandi
Foto: Videodan kadr
Ozoda Nursaidovaning qo‘shig‘i uchun klip suratga olish vaqtida YTHga uchrab, og‘ir jarohatlangan aktrisa Sabrina Jabborova haqiqat yuzaga chiqishiga umid qilishini aytdi. Sudlanuvchi S.M.ni klipga jalb etgan Ahad Qayum u «boshqa syomkalarda yaxshi haydagani»ni aytdi, bu – voyaga yetmagan qiz avval ham bir necha marta rulga o‘tqazilganini tasdiqlaydi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida 16 yoshli shaxsning klip syomkasi vaqtida yo‘l-transport hodisasini sodir etgani bo‘yicha sud jarayoni boshlandi.

Voqea 2024 yil noyabr oyida, xonanda Ozoda Nursaidovaning qo‘shig‘i uchun klip suratga olish jarayonida ro‘y bergan. Unda voyaga yetmagan aktrisa S.M. Mercedes-Benz G-Class avtomobilida boshqa aktrisa Sabrina Jabborova va yana bir fuqaroni bosib ketgan. Holat yuzasidan “transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish” (JK 266-moddasi 1-qismi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«Mening yurtim» telekanali xabariga ko‘ra, 8 may kuni bu jinoyat ishi sudda ko‘rila boshlangan.

Hodisa yuzasidan sud-tibbiy va avtotexnika ekspertizalari o‘tkazilgan. Sabrina Jabborova og‘ir, boshqa bir jabrlanuvchi yengil tan jarohati olgan.

Jabborova YTHdan so‘ng og‘ir jarohatlar olib, dastlab O‘zbekistonda, keyinroq Turkiyada davolanib qaytdi.

«[Suddan] haqiqat so‘rayman, mening sog‘ligimni ko‘rib turibsiz, chalajon bo‘lib qoldim. Tug‘a olmayman, yarim nogiron bo‘lib qoldim. Har bir operatsiya ko‘rish qobiliyatimga ham ta’sir qilyapti. Albatta, Ozoda Nursaidova pul to‘lab, operatsiyamizga yordam berdi», degan jabrlanuvchi telekanal muxbiri bilan suhbatda.

Haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqargan sudlanuvchi qizning onasi esa qiziga mashina boshqarish haqidagi topshiriqni syomka guruhidagilar berganini aytgan.

«Oyog‘idagi krossovkasini yechib, kabluk kiydirishgan. O‘zlaringiz bilasiz, kabluk bilan mashina haydash mumkin emas. U haydamayman, hayday olmayman deganiga qaramay, haydashing kerak, ssenariyda ko‘rsatilgan deb, unda komanda berilgan. U yosh bola-da, qilishim kerak ekan deb, haydagan. Syomka guruhidagilar buning yosh qizligini, «prava»si yo‘qligini bilishi kerak edi-ku, xavfsizlik texnikasini ta’minlashi kerak edi-ku», – degan sudlanuvchining onasi.

S.M.ni klip syomkasiga jalb qilgan rejissyor Ahad Qayum unga mashina boshqarisho‘ topshirig‘ini u bermaganini aytdi, shu bilan birga, qizni klipga tavsiya etayotganda «mashina haydashni biladi» deb aytganini tasdiqladi.

«Mashinaga o‘tirishini aytmaganman, lekin haydashni biladi deganman. Boshqa syomka jarayonlarimizda yaxshi haydagan. O‘ylab qarasam, shu judayam xato bo‘lgan», dedi

Sud jarayoni jabrlanuvchining advokati iltimosiga asosan 14 mayga qoldirildi. Advokatga ko‘ra, Sabrina Jabborovaga ish hujjatlari bilan tanishish uchun vaqt kerak.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil kuzida ro‘y bergan voqea haqida aktrisa Sabrina Jabborova 2025 yil mart oyida o‘z sahifasida ma’lum qilganidan keyin, bu ish jamoatchilik e’tiboriga tushgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Klip syomkasida aktrisani «Gelik» bosib ketgani yuzasidan sud boshlandi