
Andijon viloyati hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovga nisbatan tarqalgan jinsiy zo‘ravonlik haqidagi ma’lumotlarni keskin inkor qildi va bu kabi asossiz ma’lumotlar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilinganini ma’lum qildi.
Viloyat matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bloger Ulug‘bek Ashur tomonidan YouTube tarmog‘ida joylashtirilgan videoda hokim Shuhrat Abdurahmonovga nisbatan «og‘ir va asoslanmagan ayblovlar» bildirilgan. Aytish joizki, videoda bir ayol va uning 15 yoshli qiziga viloyat rahbari tomonidan uy sovg‘a qilingani, ayolning ishga joylashtirilgani va qiziga bir necha bor zo‘ravonlik qilingani haqida gap ketadi.
Andijon viloyati hokimligining raddiyasida ta’kidlanishicha, mazkur ma’lumotlar aniq dalillarga emas, balki fuqarolarning asossiz xabarlariga asoslangan bo‘lib, hokimning sha’ni, qadr-qimmati va obro‘siga bo‘lgan ochiqdan-ochiq tajovuz hisoblanadi.
Shuningdek, raddiyada ushbu holat bo‘yicha tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat etilgani va jamoatchilik orasida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishga harakat qilgan shaxslarga nisbatan qonunchilikka muvofiq jazo choralari ko‘rilishi aytilgan.
Viloyat hokimligi jamoatchilikni shubhali va asossiz manbalarga ishonmaslikka chaqirib, faqat rasmiy va ishonchli manbalarga tayanish lozimligini uqtirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil aprel oyida ijtimoiy tarmoqlarda Shuhrat Abdurahmonovga tegishli ekani taxmin qilingan shaxsiy mazmundagi videolavha tarqalgan edi. O‘sha vaqtda ham hokimlik tomonidan mazkur holatga nisbatan prokuraturaga shikoyat bildirilgan va bu ish bo‘yicha tergov amallari boshlangani haqida ma’lumot berilgan edi.
Hozirda ushbu voqealar yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar davom etmoqda. Zamin.uz tahririyati bu kabi vaziyatlarda faqat xolis va asoslangan ma’lumotlarga tayanish zarurligini eslatib qoladi hamda bu masala yuzasidan rivojlanishlar haqida o‘z o‘quvchilarini boxabar qilib boradi.
Andijon ViloyatiShuhrat AbdurahmonovJinsiy Zo‘ravonlikAsossiz Ma’lumotlarHuquqni MuhofazaOmmaviy Axborot O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar