date
views 2 235

Fohishalikka yetaklovchi “Zulya” sxemasi fosh etildi: Toshkentda odam savdosi to‘xtatildi

Fohishalikka yetaklovchi “Zulya” sxemasi fosh etildi: Toshkentda odam savdosi to‘xtatildi
Toshkent viloyatida odam savdosining navbatdagi xavfli holatiga chek qo‘yildi. Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Davlat xavfsizlik xizmati tezkor guruhlari tomonidan o‘tkazilgan hamkorlikdagi maxsus tadbir davomida, 22 yoshli qizni fohishalik maqsadida Rossiyaga olib ketishga urinib, yo‘lga chiqqan shaxs qo‘lga olindi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Angren shahrida yashovchi 54 yoshli ayol (X.T.) ishsiz va noumid holda yurgan yosh qizni aldamchi va’dalar orqali mo‘may daromad bilan vasvasaga solgan. Qizga Sankt-Peterburg shahrida “o‘ziga to‘q hayot” va’da qilingan bo‘lib, buning ortida inson qadrini yerga uradigan jirkanch maqsad – fohishalik bilan shug‘ullanish turgan edi.

Tadbir davomida Toshkent xalqaro aeroportida ushlangan ayol va jabrlanuvchi qizdan daliliy ashyolar olingan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur “operatsiya” ortida Sankt-Peterburgda yashovchi “Zulya” ismli ayol turgan. U yo‘l haqi, hujjatlar va boshqa xarajatlarni to‘liq qoplagan. Evaziga esa 22 yoshli qizni jinsiy ekspluatatsiyaga jalb qilish hamda uni yetkazib bergan ayolga muqarrar haq to‘lash kelishilgan bo‘lgan.

Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 2-qismi “a” va “z” bandlari (odam savdosi, yosh ayolni fohishalikka majburlash) bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Qibray tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mazkur holat – odam savdosi va inson qadrini to‘ppasidan toptashga urinishning yana bir achinarli misoli. Ayniqsa, ayollar va yosh qizlar bunday sxemalarga to‘g‘ri tushib qolmasligi uchun jamiyatda keng tushuntirish ishlari olib borilishi shart. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu borada barcha ehtimoliy holatlarni oldini olishga chaqirmoqda.

Odam savdosi – jinoyat. Va bu jinoyatga qarshi kurash jamoaviy va qat’iy bo‘lishi kerak. Jamiyatda har bir ayol, har bir inson o‘z haq-huquqiga ega va himoyalangan bo‘lishi shart.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Fohishalikka yetaklovchi “Zulya” sxemasi fosh etildi: Toshkentda odam savdosi to‘xtatildi