date
views 196

Uyqu yetishmasligi rashkni kuchaytiradi va ishonchni zaiflashtiradi

Uyqu yetishmasligi rashkni kuchaytiradi va ishonchni zaiflashtiradi
Montana shtati universiteti olimlari tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot inson uyqusining sifatsizligi emotsional munosabatlarga qanday ta’sir qilishini o‘rganishga bag‘ishlandi. “Sleep 2025” xalqaro konferensiyasida taqdim etilgan natijalarga ko‘ra, uyqu bilan bog‘liq muammolar, ayniqsa, xavotirli bog‘lanish uslubiga ega insonlarda rashk hissini oshiradi va ishonch darajasini pasaytiradi.

Tadqiqot qanday o‘tkazildi?

Ikki hafta davom etgan tadqiqotda 68 nafar yosh ishtirok etdi. Ular har kuni maxsus so‘rovnomalar orqali o‘z uyqu sifati, hissiy holati va xulq-atvorini baholab borishdi. Qo‘shimcha ravishda, ishtirokchilar shaxsiy bog‘lanish uslubini aniqlash uchun alohida psixologik testdan o‘tkazildi.

Xavotirli bog‘lanish — yuqori tahlikali holat

Ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, xavotirli bog‘lanish turiga ega insonlar — ya’ni munosabatlarda ko‘proq ishonchsizlik his qiladigan va rad etilishdan qo‘rqadiganlar — uyquning yetishmasligi fonida emotsional o‘zgarishlarga tezroq berilishi mumkin.

Ularning ertalabki kunda, yomon uyqudan so‘ng, rashk va xavotir kabi salbiy tuyg‘ulardagi reaksiyasi yanada kuchaygani aniqlangan. Qizig‘i shundaki, boshqa bog‘lanish uslubiga ega bo‘lgan shaxslarda bu ta’sir unchalik sezilarli kuzatilmagan.

“Hammasi individual xususiyatga bog‘liq”

Tadqiqotning yetakchi muallifi — Montana shtati universiteti doktoranti Jovanni Alvarado shunday deydi:

“E’tiborli tomoni shuki, har doim ham sifatsiz uyqu salbiy his-tuyg‘ularni keltirib chiqarmagan. Ba’zi odamlar uchun uyqu yetishmasligi jiddiy ta’sir qilsa, boshqalarda bu hech qanday hissiy o‘zgarishga olib kelmagan. Hammasi shaxsiy psixologik xususiyatlarga bog‘liq”.

Sog‘lom uyqu – barqaror psixoemotsional holat asosi

Amerika Uyqu tibbiyoti akademiyasi (AASM) kattalar uchun kuniga kamida 7 soat to‘liq va sifatli uxlashni tavsiya etadi. Bunda nafaqat uyqu davomiyligi, balki uning uzluksizligi, rejimliligi va qulay muhiti ham muhim o‘rin tutadi.

Shaxsiy munosabatlardagi muvozanat, ishonch va sog‘lom emotsiya uchun sifatli uyqu — fundamental omil hisoblanadi. Tongni uyg‘un holda boshlash faqat jismoniy emas, balki psixologik salomatlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Uyquni jadvalga aylantiring — munosabatlaringiz ham sog‘lom bo‘ladi!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uyqu yetishmasligi rashkni kuchaytiradi va ishonchni zaiflashtiradi