date
views 140

Shavkat Mirziyoyevdan chaqiriq: insoniyat tinchlik va adolatni tiklashi shart!

Shavkat Mirziyoyevdan chaqiriq: insoniyat tinchlik va adolatni tiklashi shart!
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev jahon siyosiy va iqtisodiy manzarasidagi jiddiy o‘zgarishlar va xavotirli jarayonlar haqida teran fikr bildirib, xalqaro hamjamiyatni tinchlik, adolat va hamjihatlikni tiklashga chaqirdi.

Davlat rahbari so‘zining avvalida global miqyosda qurollanish poygasi yana kuchayganini, yirik davlatlarning harbiy xarajatlari so‘nggi o‘n yilda bir yarim barobarga ortib, 2,5 trillion dollarga yetganini ta’kidladi. Ayni paytda iqtisodiy inqiroz va moliyaviy resurslar taqchilligi tufayli dunyo yalpi ichki mahsulotining o‘sish sur’ati ketma-ket uch yildirki pasayib bormoqda.

"Ming afsuski, xalqaro huquq normalari va diplomatik vositalar ta’sirini yo‘qotayotir. Insoniyat uchun eng dolzarb masalalar — oziq-ovqat xavfsizligi, kambag‘allikni kamaytirish va iqlim o‘zgarishlari kabi muammolar soyaga tortilib qolmoqda", — dedi Mirziyoyev.

Prezident tinchlikka xizmat qiluvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni alohida ta’kidlab, Ukrainadagi murakkab vaziyatni faqatgina diplomatik yo‘l bilan hal etish lozimligini bildirdi. U Istanbuldagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev ko‘p yillardan beri davom etayotgan G‘azo fojiasini tilga olib, bu fojea XXI asrda inson qadrini mensimaslikning achinarli ko‘rinishi ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bu muammoning adolatli yechimi — Falastin xalqiga o‘z mustaqil davlatini barpo etish huquqini amalga oshirishdan iborat.

Forumdagi nutq davomida prezident yana bir muhim xalqaro masala — Afg‘oniston taqdiriga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, ushbu davlatning tinch va barqaror rivojlanishi butun Markaziy Osiyo mintaqasining xavfsizligi va iqtisodiy taraqqiyoti uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois, Afg‘onistondagi hukumat bilan konstruktiv muloqotni davom ettirish va uni xalqaro maydondan chetlatmaslik juda muhim.

Nutq yakunida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston oldida turgan ulkan maqsadlardan biri — 2030 yilgacha mamlakat yalpi ichki mahsulotini 200 milliard dollarga yetkazish ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu maqsadga erishish uchun mamlakatda barcha salohiyat va siyosiy iroda mavjud.

Forum doirasidagi bu chiqish nafaqat iqtisodiy hamkorlik, balki O‘zbekistonning global tinchlik, barqarorlik va inson qadrini himoya qilishga qaratilgan prinsipial pozitsiyasini yana bir bor namoyon etdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyevdan chaqiriq: insoniyat tinchlik va adolatni tiklashi shart!