
Yaqin Sharq mintaqasida oxirgi kunlarda sodir bo‘layotgan keskinlik va qurolli to‘qnashuvlar butun dunyo hamjamiyatida jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Ayniqsa, Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatlar nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro barqarorlikka ham jiddiy tahdid solmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur holat yuzasidan yurtimiz fuqarolariga maxsus murojaat yo‘lladi.
Vazirlik bayonotida ta’kidlanishicha, mojaroning avj olishi mintaqaning umumiy tinchligiga va barqaror rivojlanishiga katta tahdid tug‘diradi. Bu esa, birinchi navbatda, oddiy fuqarolar — bolalar, ayollar va tinch aholi uchun og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lmoqda. "Urushda g‘olib bo‘lmaydi, eng katta yo‘qotishni doim oddiy insonlar tortgan va bugun ham shunday bo‘lmoqda," deyiladi rasmiy murojaatda.
O‘zbekiston Respublikasi har doim tinchlikparvar siyosat yuritib kelgan va dunyo hamjamiyatida o‘zaro hurmat, do‘stona munosabatlar, manfaatli hamkorlik yo‘lini tanlab kelmoqda. Mamlakatimiz tashqi siyosati ustuvor yo‘nalishlaridan biri – barcha mojarolarni diplomatik muloqot va xalqaro huquq me’yorlari asosida tinch yo‘l bilan hal etishdir.
Tashqi ishlar vazirligi ushbu sharoitda fuqarolarimizni barcha vaziyatlarda bag‘rikenglik va mas’uliyatli fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishga, diniy, irqiy yoki boshqa shaxsiy mansubliklar asosida ziddiyatli munosabatlar bildirmaslikka, nafrat va ziddiyat targ‘ibiga qarshi turishga chaqirdi. Bu umumiy burch, jamiyatda milliy va diniy totuvlikni saqlash esa barqarorlik hamda xavfsizlikning muhim kafolati ekani eslatib o‘tildi.
Murojaatda shuningdek, turli provokatsiya va haqoratomuz chaqiriqlarga uchmaslik, vaziyatlarga nisbatan hissiyotga berilmasdan, vazminlik va barqaror munosabatni saqlash kerakligi uqtirildi. Agar zarurat tug‘ilsa, xavfsiz joylarga yo‘l olish, harbiy yoki boshqa davlat obyektlariga yaqinlashmaslik, ularni foto va videoga olmaslik, odamlar gavjum joylardan uzoqda bo‘lish kabi muhim tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi yana bir bor barcha fuqarolarni tinchlik, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Chunki faqat shu yo‘lgina yurtimizda barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Mojarolar hal etilishida esa doimo tinch yo‘l, muloqot va xalqaro huquq asosiy tamoyil bo‘lib qolishi lozim. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar