Toshkent shahrida joylashgan Islom Karimov nomidagi aeroportda yana bir noxush holat qayd etildi. Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, aeroportning Aviatsiya xavfsizlik xizmati qo‘riqlash bo‘linmasi nazorotchisi fuqaroni ishga joylashtirish bahonasida pul olib, qo‘lga tushdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs o‘zini ta’sir doirasi keng tanish-bilishlarga ega deb ko‘rsatib, “men seni qo‘riqlash bo‘linmasiga ishga joylashtiraman”, deb 500 AQSH dollari talab qilgan. U tezkor tadbir vaqtida ushbu mablag‘ni olgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Dastlabki so‘rovlar davomida, u faqatgina bir kishidan emas, balki 10 nafargacha fuqaroni aldab, ulardan 500 — 1000 dollar olib, aeroportga ishga joylashtirishni va’da qilganini tan olgan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Ayni paytda, uning harakatlari natijasida jabr ko‘rgan boshqa fuqarolarni aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!