Toshkent shahrida ayrim yo‘llar bo‘yicha avtomobillar uchun belgilangan tezlik cheklovini oshirish rejasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda 12 avgust kuni bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari shahar kengashi majlisida poytaxt Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elmurod Alimov ma’lumot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda shaharning muhim harakat oqimiga ega bo‘lgan Bunyodkor, Sebzor, Ahmad Donish, Toshkent halqa yo‘li va Yangi O‘zbekiston ko‘chalarida transport vositalari uchun maksimal ruxsat etilgan tezlikni 80 kilometr/soatga oshirish taklifi berilgan. Alimov bu masalada mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ish olib borilayotganini ta’kidladi.
Majlis davomida deputatlardan biri yangi tezlik chegarasi qachon amalda qo‘llanilishi haqida so‘roq qildi. Elmurod Alimovning javob berishicha, taklif shahar hokimligi va tegishli tashkilotlarga kiritilgan, rasmiy qaror qabul qilingach, ommaga e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, 2023 yil aprelida mamlakat shaharlarida tezlik chegarasi avtohalokatlardan o‘lim darajasi yuqoriligi sabab 70 km/soatdan 60 km/soatga tushirilgan edi. Bu chora xavfsizlikni ta’minlash va yo‘l-transport hodisalarini kamaytirish maqsadida amalga oshirilgan.
Alimov shuningdek, poytaxtning 12 ta ko‘chasida (aniq manzillar hali ochiqlanmagan) bir tomonlama harakat tizimini joriy etish taklifi ham muhokama qilinganini ma’lum qildi. Bu g‘oyaning maqsadi — tirbandliklarni kamaytirish, YTHlarning oldini olish va yo‘l harakati ishtirokchilari uchun qulay muhit yaratish.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi rahbar o‘rinbosari yoz oylarida elektr ta’minotidagi uzilishlar sabab svetoforlar ishdan chiqib qolishi holatlari tez-tez sodir bo‘layotganini ham ta’kidladi.
— “Svetoforlar ishlamay qolganda harakat tartibi buziladi. 5-6 soat, ba’zida 8 soat yoki 2 soatlab shu holat davom etadi. Bu paytda biz inspektorlarning jismoniy mehnatidan foydalanamiz”, — dedi u.
Yechim sifatida esa Alimov poytaxtdagi barcha markaziy chorrahalarga uzluksiz quvvat manbalari (UPS) o‘rnatishni taklif qildi.
— “500 ta markaziy chorraha svetoforlariga UPS o‘rnatsak, svet o‘chgan paytda ham 5-6 soat davomida ishlaydi. Elektr ta’minoti tiklanguncha svetoforlarimiz to‘liq faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi”, — deya ta’kidladi u.
Shaharda yo‘l harakati tizimini takomillashtirish bo‘yicha bu kabi o‘zgarishlar nafaqat haydovchilar, balki piyodalar uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Yaqin vaqtlarda ushbu takliflar yuzasidan rasmiy qarorlar chiqishi va ularning amalga oshishi kutilmoqda.
Poytaxtda beshta yo‘lda tezlik oshirilishi mumkin, yangi rejalar ochiqlandi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar