date

Toshkentda 4 millionlik yer savdosidagi ayyor sxema fosh etildi

Toshkentda 4 millionlik yer savdosidagi ayyor sxema fosh etildi

Toshkent shahrida noqonuniy yo‘l bilan yirik mablag‘ qo‘lga kiritishni ko‘zlagan ikki shaxs qo‘lga olindi. Ma’lum bo‘lishicha, qurilish obyektlarini loyihalash bilan shug‘ullanuvchi MCHJning ofis menejeri hamda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro oldindan kelishib, tadbirkorning ishonchiga kirishga harakat qilishgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ularga tegishli bo‘lmagan M.Ulug‘bek tumanidagi 50 sotix yer maydonini tadbirkorga 4 million AQSH dollariga sotishni va’da qilishgan. Shuningdek, avans sifatida 100 ming dollarni qo‘lga kiritishgan. Ular yuqori lavozimlarda ishlaydigan tanishlari orqali ushbu yer maydoni maqomini o‘zgartirib berish, turar-joy qurilishi uchun ruxsatnoma olish, arxitektura va loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish kabi ishlar bilan shug‘ullanishini aytgan. Shu xizmatlar uchun esa qo‘shimcha 200 ming dollar talab qilishgan va oldindan yana 100 ming dollar so‘rashgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ikki ayyor shaxs 200 ming dollarni qabul qilib olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Tergov jarayonida ularning boshqa jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda 4 millionlik yer savdosidagi ayyor sxema fosh etildi