Namanganda ichki ishlar organi xodimlari tomonidan fuqaroga zo‘ravonlik qo‘llanilgani va uning og‘ir ahvolga tushib qolgani haqida xabar tarqaldi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.
Tashanovning aytishicha, 16 avgust kuni Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining Namangan filialida 31 yoshli A. O‘. jarrohlik amaliyotidan o‘tgan va uning qora talog‘i olib tashlangan. Fuqaroning advokati bu holat yuzasidan darhol Namangan viloyati prokuroriga murojaat qilgan.
Ma’lum qilinishicha, 14 avgust kuni IIB xodimlari uni ikki kun davomida IIB binosida qiynoqqa solib, hayoti uchun xavfli jarohatlar yetkazgan. Keyin esa mayda bezorilik ayblovi bilan JIB Namangan shahar sudiga olib kelishgan. Biroq sud ayblovni tasdiqlamay, ma’muriy ishni rad etgan.
Shu holatdan so‘ng fuqaro ichki ishlar organi xodimlari tomonidan shifoxonaga yetkazilgan va shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan.
“Bu holat bo‘yicha barcha tibbiy hujjatlar, videolar mavjud. Advokat taqdim etgan fotosuratlarda esa fuqaroning qo‘lidagi kishan izlari va tanasidagi jarohatlar yaqqol ko‘rinadi”, — deb yozadi Tashanov.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!