Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi, ilgari ham firibgarlik jinoyati uchun sudlangan 37 yoshli shaxs yana noqonuniy yo‘lga qadam qo‘ydi. Davlat xavfsizlik xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, u o‘zini DXX xodimi sifatida tanishtirib, odamlarni ishonchiga kirgan va ularni davlat xavfsizlik organlariga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da qilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, u 2024-yil sentyabridan 2025-yil iyuniga qadar turli bahonalar bilan fuqarolarni aldab, jami 30 ming AQSH dollari va 510 million so‘mdan ziyod mablag‘ni qo‘lga kiritgan. Shu bilan birga, u jabrlanuvchilardan biriga qarindoshini Qurolli Kuchlar akademiyasiga o‘qishga kiritishni va’da qilgan va buning evaziga 10 ming AQSH dollari talab qilgan. Hozirga qadar shu mablag‘ning 4 ming dollarini olib ulgurgan.
DXX xodimlari tomonidan Qarshi shahrida tashkil etilgan tezkor tadbirda u talab qilingan 10 ming dollar hisobidan yana 2 ming dollarni qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olindi. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28,211-moddasi 2-qismi «a» bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Shunga o‘xshash, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida istiqomat qiluvchi 64 yoshli shaxs ham qonun buzish bilan qo‘lga tushdi. U boshqa bir fuqaroning ishonchiga kirib, uni DXX tizimiga ishga kiritib qo‘yishini va’da qilgan va buning evaziga 7 ming AQSH dollarini olgan paytida ushlangan.
Ayni vaqtda unga nisbatan ham Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 2-qismi «a» bandi asosida jinoyat ishi ochildi va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, bu kabi holatlar odamlarning ishonchi va umidini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lib, keng jamoatchilikka ogohlantirish sifatida xizmat qiladi. Chunki davlat idoralariga ishga joylashish yoki o‘qishga kirish jarayonlari faqat qonuniy yo‘l bilan amalga oshirilishi mumkin.
Bu voqealar jamiyatda yana bir bor ehtiyot bo‘lish, hech qachon soxta va’dalarga ishonmaslik zarurligini ko‘rsatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!