date

Uch viloyatda korrupsiya holatlari fosh etildi, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Uch viloyatda korrupsiya holatlari fosh etildi, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona, Toshkent hamda Surxondaryo viloyatlarida olib borilgan tezkor tadbirlar davomida qator korrupsion holatlar aniqlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi “Yoshlar kichik sanoat zonasi”da mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga 22 sotix yer maydoni uzoq muddatga ijaraga berilgan. Biroq muqaddam sudlangan korxona rahbari ushbu maydonni noqonuniy ravishda 52 ming dollarga sotishga kelishib, hokimlik huzuridagi “Kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi”da ishlovchi tanishi orqali xususiylashtirish uchun 15 ming dollar talab qilgan. Ushbu jami 67 ming dollar talab qilingan puldan 15 ming dollarini qabul qilib olgan paytda ular ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Toshkent viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi yuristkonsulti ham qo‘lga olindi. U ma’muriy sudda ko‘rib chiqilayotgan ishni mansabdor tanishlari orqali ijobiy hal qilib berish uchun 15 ming dollar talab qilgan va pulni qabul qilib olgan vaqtda dalillar bilan ushlangan.

Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida esa davlat soliq inspektori o‘z xizmat vakolatini suiiste’mol qilib, mahalliy tadbirkordan tegishli korxonaning qarzdorligini tugatib berish bahonasida 8 mln. so‘m talab qilgan. Uning jinoiy sherigi bo‘lgan 1999-yilda tug‘ilgan fuqaro so‘ralgan mablag‘ni qabul qilib olgan paytda ushlangan. Keyinchalik inspektor ham noqonuniy pulni uchinchi shaxs orqali qabul qilib olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirgi kunda ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, aybdor shaxslarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bu voqealardan ko‘rinib turibdiki, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurash barcha hududlarda davom etmoqda va noqonuniy yo‘lga qo‘l urgan har bir shaxs javobgarlikdan qochib qutula olmaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uch viloyatda korrupsiya holatlari fosh etildi, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi