Surxondaryo viloyatida jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi sudya yordamchisining qonuniylikka zid harakatlari fosh etildi. U o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, ma’muriy huquqbuzarlik ishini yengillashtirish evaziga pora talab qilgani ma’lum bo‘ldi.
Dastlab u huquqbuzardan 500 ming so‘m pul olgan. Keyinchalik esa ishni ijobiy hal etish uchun yana qo‘shimcha ravishda 800 AQSH dollarini talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy bo‘linmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida sudya yordamchisi o‘z qarindoshi orqali pora pulini qabul qilib olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Hozirgi paytda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) 3-qismi “v” bandi hamda 28,211-moddasi (Pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qarorga ko‘ra unga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu holat yana bir bor sud tizimida ham shaffoflik va mas’uliyat masalalari qay darajada muhim ekanini ko‘rsatib turibdi. Jamoatchilik esa bunday holatlarning keskin bartaraf etilishi va adolatli jazo qo‘llanishini talab qilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!