Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Toshkent shahar Ekologiya boshqarmasi va Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilayotgan tadbirda 10-sentyabrdan to bugunga qadar muntazam YPX maskanlarida, ko‘chalarda hamda avtokorxonalarga kirish-chiqish joylarida foydalanishda bo‘lgan 26 900 ta avtotransport vositalari tekshiruvdan o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun, «Toza havo» oyligi «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi hamda «Ekologik nazorat to‘g‘risida»gi qonunlari ijrosini ta’minlash, foydalanishda bo‘lgan avtotransport vositalarining ekologik holati yuzasidan davlat ekologik nazorati olib borish maqsadida respublika miqyosida doimiy tarzda o‘tkazib kelinmoqda.
Tekshiruv davomida Toshkent shahrida 367 ta transport vositasi atmosferaga me’yordan ortiq zararli tashlamalar chiqarayotganligi aniqlandi. Ishlatilgan gazlarda ifloslantiruvchi moddalar davlat standartlarining belgilangan normalarini qo‘pol ravishda buzgan avtotransport haydovchilariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Poytaxtda «Toza havo» oyligining 2-bosqichi 10-oktyabrgacha davom etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!