Talabalar yotoqxonasi uchun yangi subsidiya tartibi joriy etildi

O‘zbekistonda talabalar turar joylarini davlat-xususiy sheriklik asosida qurish va moliyalashtirish tartibi yangilandi. Endi tadbirkorlar zamonaviy yotoqxonalar quradi, davlat esa qurilish va ulardan foydalanish xarajatlarining bir qismini qoplab beradi.
Yangi tizim talabalar uchun turar joylar sonini oshirish, xususiy sektorni jalb qilish va yotoqxonalardagi sharoitni yaxshilashga qaratilgan.
Loyiha kamida 200 o‘rinli bo‘lishi kerak
Hukumat qaroriga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik asosidagi yangi loyihalar kamida 200 o‘rinli talabalar turar joyini qurishni nazarda tutishi lozim.
Tadbirkorlar davlat bilan tuzilgan bitim asosida yotoqxonani qurish, jihozlash va boshqarish bilan shug‘ullanadi.
Davlat esa belgilangan limit doirasida har bir yotoq o‘rni uchun qurilish xarajatlarining 50 foizigacha subsidiya ajratadi.
Talabalar to‘lovining bir qismi qoplanadi
Yotoqxonada yashash uchun to‘lov miqdori davlat va xususiy sherik o‘rtasidagi kelishuv asosida belgilanadi.
Davlat qabul komissiyasi orqali joylashtirilgan talabalar uchun yotoqxonani saqlash va undan foydalanish xarajatlarining 50 foizigacha davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi.
Subsidiyalar maxsus elektron platforma orqali talabalarning biometrik identifikatsiyasi asosida hisoblanadi. Bu mablag‘larni haqiqatan yotoqxonada yashayotgan talabalar uchun ajratish imkonini beradi.
Bo‘sh o‘rinlarga boshqa talabalar ham joylashishi mumkin
Agar talabalar turar joyida bo‘sh o‘rinlar qolsa, ularga boshqa oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan talabalarni ham joylashtirishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, yotoqxona uchun ajratilgan yer maydonida bitimda ko‘rsatilgan yotoq o‘rinlaridan tashqari qolgan bo‘sh hududlardan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanish mumkin bo‘ladi.
Bu yerda oshxona, maishiy xizmat, savdo yoki talabalar uchun boshqa servis obyektlari tashkil qilinishi mumkin.
50 o‘rinli yotoqxonalar amaliyoti bekor qilinadi
2026 yil 1 iyuldan davlat oliy ta’lim tashkilotlari buyurtmasi asosida tadbirkorlar tomonidan 50 o‘rinli yangi yotoqxonalar qurish amaliyoti bekor qilinadi.
Biroq avval boshlangan loyihalar to‘xtatilmaydi. Ular tuzilgan bitimlar muddati yakunlangunga qadar amaldagi tartib asosida davom ettiriladi.
Yangi tizim orqali yirik va zamonaviy talabalar turar joylarini ko‘paytirish hamda yotoqxonaga ehtiyojmand yoshlarni qamrab olish rejalashtirilmoqda.































Izohlar 0
…