
Namangan viloyatida 49 yoshli fuqaro Ukrainadagi qurolli mojaro ishtirokchisi sifatida sud hukmiga tortildi. U Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma asosida janglarda qatnashganidan so‘ng, o‘z ixtiyori bilan O‘zbekistonga qaytib, huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sud kollegiyasi ushbu shaxsni Jinoyat kodeksining 154-moddasi, ya'ni "Yollanma jangchilik" bo‘yicha aybdor deb topdi va unga uch yil bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Sud hujjatlariga ko‘ra, jinoyatchi 2025-yilning aprel oyida Rossiya Federatsiyasiga yo‘l olgan va u yerda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan rasmiy shartnoma tuzgan.
Shundan so‘ng unga oddiy askar unvoni berilgan. U qisqa muddatli harbiy tayyorgarlikdan o‘tib, Lugansk hududida joylashtirilgan va Ukrainadagi jangovar harakatlarga yuborilgan.
May oyida janglardan birida mina portlashi natijasida yaralangan. Davolanishni harbiy gospitalda o‘tkazganidan so‘ng, O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.
Vataniga qaytganidan keyin u huquq-tartibot idoralariga o‘z xohishi bilan murojaat qilib, xizmat shartnomasini, shaxsiy harbiy nishonini hamda gospitaldagi tibbiy hujjatlarni taqdim etgan. Tergov davomida aniqlanishicha, u Rossiya qurolli kuchlariga qo‘shilish va jangovar harakatlarda qatnashish uchun bir martalik 1 million rubl miqdorida pul mukofoti olgan.
Mazkur sud hukmi yakkama-yakka holat emas. Bundan avval Jizzax viloyatida ham shunga o‘xshash holat qayd etilgan edi.
Bahmal tumanidan 49 yoshli fuqaro ikki marotaba Rossiya mudofaa idorasi bilan shartnoma tuzgan va unga ham uch yil bir oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan. O‘zbekiston fuqarolarining xorijdagi qurolli mojarolarda ishtirok etishi jinoyat hisoblanadi.
Namanganlik erkak Ukrainadagi jangda qatnashgani uchun sud qilindi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar