Farg‘onada stadion oldida militsiya muxlislarini kaltakladi

Farg‘onada stadion oldida militsiya muxlislarini kaltakladi
Qisqacha

Farg'onada stadion oldida militsiya muxlislar bilan janjalga kirishdi. Videolarda huquqni muhofaza qilish organlari muxlislarga tayoq bilan zarba bergani ko'rinadi. Ichki ishlar boshqarmasi holatni izohladi, muxlislar chiptasiz kirishga urinib, tartibsizlikka sabab bo'lgan.

Farg‘onada kecha futbol uchrashuvi oldidan noxush holat kuzatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda huquqni muhofaza qilish organlarining niqobli xodimlari stadion oldida to‘plangan bir guruh muxlislar bilan mojaroga kirishgani, ayrim fuqarolar tayoq zarbasiga uchragani aks etdi.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi holat yuzasidan izoh berdi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 22 noyabr kuni “Istiqlol” stadionida “Neftchi” – “Qizilqum” uchrashuvi boshlanishidan avval nazorat punktida bir nechta chiptasiz shaxslar to‘siqlarni buzib, hududga noqonuniy kirishga urinib, tartibga bo‘ysunmagan.

IIB ta’kidlashicha, xodimlar tezkor va qat’iy choralar ko‘rgani orqali tartibbuzarlikka chek qo‘yilgan. Mojaroda ishtirok etgan barcha fuqarolarning shaxsi aniqlangan, ularning harakatlari bo‘yicha surishtiruv davom etmoqda.

Tarqalgan kadrlarda muxlislar ham javob sifatida xodimlarga qo‘llaridagi narsalarni otgani ko‘rinadi. Hodisadan keyin vaziyat barqarorlashtirilgan.

Shu bilan birga, o‘yin Farg‘ona jamoasi uchun tarixiy kechaga aylandi. “Neftchi” “Qizilqum” ustidan irodali g‘alaba qozonib, musobaqa yakuniga bir tur qolganda, 24 yillik tanaffusdan so‘ng Superliga chempioni unvonini qayta qo‘lga kiritdi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar