9 265
Shahrisabzlik va samarqandlik shifokorlar o‘layotgan uch yarim yashar qizchaning hayotini saqlab qolishdi
Inson dunyoga bir marta keladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak u yoshmi-keksami, erkakmi-ayolmi, ayyormi-soddami, olimmi-nodonmi nima bo‘lgan taqdirda ham, mana shu insonligi uchun uni sevadigan, ardoqlaydigan, kutadigan, gaplarini tinglaydigan, xarakterini ko‘tara oladigan odamlar topiladi. Shu sabab suyganlarimizning tirnog‘iga tikan kirsa, bizning ham jonimiz og‘riydi. Ammo yaqin insoningni o‘lim bilan olishib yotganini ko‘rishing esa umuman ko‘tarib bo‘lmaydigan darddir. Ayniqsa, u uch yarim yashar norasida go‘dak bo‘lsa...deb yozadi Kun.uz sayti.
20 yanvarning kechki to‘qqizi
Bundan bir yarim oy muqaddam uch yarim yashar jiyanim Yosinaxonning nafas olishida o‘zgarish paydo bo‘ldi. Nafas olganida xirillagan bo‘g‘iq ovoz chiqar edi. Onasi, ya’ni singlim uni shifokorlarga ko‘rsatish niyatida Samarqanddagi ko‘p tarmoqli shifoxonaga olib ketdi. U erga borgach, pediatr Namozov Fazliddin Sharofiddinovich ismli pediatr jiyanimga nafas yo‘lidagi allergiya tashxisini qo‘yib, zarur dori-darmonlar yozib berib, ularni jo‘natib yubordi.
Oradan kunlar o‘tdi. Ammo Yosinaxonning ahvoli yomonlashsa, yomonlashdiki, biroq yaxshi tomonga o‘zgarmadi. Onasi shifokor aytgan qimmat dorilarni sotib olib kelar, uni qiziga ichirar, biror naf bo‘larmikan, degan ilinjda kunlarni sanardi. Biroq aynan shu kuni, ya’ni 20 yanvarda...
O‘z xonamda ishlarimni bajarib, maqola yozib o‘tirgandim. Hovlidan dadamning baland ovozda meni chaqirayotganlarini eshitib, shoshib o‘rnimdan turdim-da, hovliga chiqdim. U kishining ranglarida rang qolmagan, ko‘zlari xavotir va qo‘rquvdan katta-katta bo‘lib ketgandi. “Plastik kartangni tez olib chiq, Yosinaxonning nafas olishi og‘irlashdi. Shifoxonaga olib borish kerak”, dedilar. Yuragim shuv etib ketdi. Shoshilib uyga kirdimda, plastik kartamni qo‘limga olgancha, hovliga otildim. Singlim yig‘laganicha, qo‘lida qizini ushlab olgan, jiyanim xuddi kimdir bo‘g‘ayotgandek, qisqa-qisqa, ammo og‘ir nafas olardi. Og‘iz atrofi ko‘karib ketgan edi.
Ishimni chala qoldirdim-u, ota-onam va singlimga qo‘shilib, Shahrisabz bolalar shifoxonasiga yo‘l oldim. Jiyanimning ahvolini ko‘rgan shifokor, uni jonlantirish bo‘limiga oldi. Yonida onasini qoldirib, bizni tashqariga chiqarib yuborishdi. Havo sovuq, qo‘rquv, yomon xayollar, onamning yig‘isi aralashib, juda kuchli vahima uyg‘otar edi. Dadam har 10 daqiqada nevarasining ahvolini so‘rar, ammo bir xil javob: “O‘zgarish yo‘q”, degan so‘zni eshitib, ortga qaytar edilar.
Maslahatlashib, singlim borgan samarqandlik shifokorga qo‘ng‘iroq qildik. U ayni damda jiyanimga qarayotgan shifokor bilan gaplashdi. Zarur ko‘rsatmalar berdi, shekilli, bizga ayrim dori vositalarini olib kelishligimizni aytishdi. Dorilarni olib keldik... Yana daqiqalar o‘tish boshlandi. Ozgina umid paydo bo‘ldi. Biroq ahvol yaxshilanmadi.
Jiyanimga qarayotgan jonlantirish bo‘limining shifokori tavsiyasiga ko‘ra, Shahrisabzning Sinabog‘ qishlog‘ida yashovchi, shu shifoxonaning bosh pediatri Qodirov Abdusamatning uyiga yo‘l oldim. Soat tunggi ikkilar atrofi. U kishi darrov men bilan birga shifoxonaga etib keldilar. Bitta boshdan ko‘ra ikkita bosh yaxshi deb o‘yladik va bizda yana umid uchqunlari paydo bo‘ldi.
O‘limoldi holat
Oradan bir soatlarga yaqin vaqt o‘tgach, shifokorlardan biri chiqib dadamni chaqirdi. U kishiga nimadir dedi. Dadam erga o‘tirib qoldilar. Oldilariga yugurib bordim. Bilsam, shifokor barchamizni jiyanimni ko‘rishga, vaziyat juda yomonlashib ketganligi, hech qanday chora qolmaganligi haqida aytgan ekan. Ichkariga otildim. Jonlantirish bo‘limining xonalaridan biridagi maxsus kravat ustida jiyanim yonbosh qilib yotqizib qo‘yilgan, og‘ziga nafas beruvchi maxsus truba ulangan, bo‘g‘iq, qisqa-qisqa nafas olar, sochlari jiqqa ho‘l bo‘lib ketgan, ko‘zlarini ochganda faqat oqi ko‘rinar edi. Yo rabbiy... “Nima uchun?” degan savol miyamga keldiyu, qo‘l-oyog‘imdan majol ketdi. O‘zimni qo‘lga olishga harakat qilar, ota-onamga, singlimga qanday dalda bo‘lish haqida o‘ylar edim. Nafas olyaptimi, demak hali umid bor edi. Ammo jajji jiyanimning har bir nafas chiqarishi yoki olishi oxirgisi ham bo‘lishi mumkin edi. Shifokor hamshiralarga osma ukol qilishni buyurdi-da, o‘zi bizlarni tashqariga chiqishimizni so‘radi. Ana shunda... Ana shunda butun bir shifoxonada, tag‘in yana jonlantirish bo‘limida elektr uzilishi bo‘ldi. Borliq zulmat qo‘ynida qoldi. Fikrlarim chuvalashib ketdi: “Axir qanday qilib, shu paytdaya???”. Ko‘z oldimda chiroq yoki telefonlarining yorug‘ini ko‘tarib olgan hamshiralar u yoqdan bu yoqqa chopar, osma ukol qilish uchun tavakkaliga jiyanimning tomirini qidirishar, yorug‘likni iloji boricha ko‘paytirishga urinishardi. Toza havo olish uchun tashqariga chiqdim. Atrof qop-qorong‘i... Soatga qaradim. Tonggi to‘rt. Shu turgancha bir nuqtaga tikilib qoldim. Badanimdan sovuq o‘tganini ham, atrofimda yig‘ilayotgan odamlarni ham payqamas edim. Menga endi baribir edi. Hozirgi kunim ham, kelajagim ham... Oradan bir soatga yaqin vaqt o‘tib chiroqlar yondi. Ha, ular yondi.
Qarasam, dadam yig‘layotgan onamni ovutayotgan ekanlar. Erkak yig‘lamaydi, ammo u yiqiladi. Men ana shundan xavotirda edim. Dadamning yonlariga borib, vaziyatni so‘radim. O‘sha ahvol. Umidning kichik bir yolqini badanimni qamrab oldi: “demak jiyanim xali nafas olyapti”.
Biz kutgan tong
Tong bo‘zara boshlaganida shifoxonaning boshqa shifokorlari: bosh vrach Eshmatov Abduhalim, vrach Sattorov Murodulla, vrach Ashurov Odillar etib kelib, jiyanim borasida o‘zaro maslahat qilishdi va bir to‘xtamga kelishdi. Qizchaning o‘pkasiga nimadir o‘tib ketgan va u oylar davomida o‘sha erda turib yiringlagan. Boshida qo‘yilgan tashxis noto‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Uni darrov Samarqand shahridagi Bolalar xirurgiyasi shifoxonasiga jo‘natish kerak edi. Shahrisabz shahridagi Bolalar shifoxonasida Bronxoskopiya uskunasining yo‘qligi sabab, ular jiyanimni Samarqandaga jo‘natishga ahd qilishdi. Barcha tadorik ko‘ra boshladi. Yosinaxonning ahvoli ham bir muncha yaxshilangan, yo‘lga chiqsa bo‘lardi. Ona-bola shifokor hamrohligida yo‘lga chiqishdi.
Samarqanddan xushxabar
Singlim aytadi: “Samarqandga etib bordik. Qizimni olib jonlantirish bo‘limiga olib kirib ketishdi. O‘zimga alohida palata berishdi. Ikki yarim soat kutdim va nihoyat qizimni operasiya qilishgani, uning o‘pka yo‘lida sho‘rdanak po‘stlog‘i o‘tib ketgani, jarrohlik muvaffaqiyatli o‘tganini aytishdi. Allohga shukur, U menga qizimni qaytarib bergandi. Maxsus kuzatuv kamerasi orqali narkoz ta’sirida uxlab yotgan qizimning videotasvirini ko‘rsatishdi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi. Hayot va o‘lim o‘rtasida 18 soat qiynalgan qizginam, uxlab yotardi”.
Oradan uch kun o‘tib, Yosinaxonni onasining qo‘liga berishdi. Samarqand shahridagi Bolalar xirurgiyasi shifoxonasining xirurgi Mannonov Rahmatulla Abdusamatovich singlimga shahrisabzlik shifokorlar to‘g‘ri tashxis qo‘yishgani va eng kerakli paytda aniq qarorga kelib, ularni bu erga yuborishganini aytibdi. Singlimning aytishicha, shifoxonadagi barcha tibbiy xizmatlar bepul ekan. Bino ozoda, xizmat ko‘rsatish sifati yaxshi ekan. Qolaversa shaxsan ana shu shifokor - Mannonov Rahmatulla Abdusamatovich bor bilim va mahoratini ishga solibdi, ona va bolaning salomatligi uchun jon kuydiribdi, o‘z xizmat vazifasini a’lo darajada bajaribdi.
Kutilgan kun
Ertaga singlim va jiyanim uyga qaytishadi. Bu o‘tgan kunlar bir umr xotiramda muhrlanib qolib ketdi. Har bir musibat ortidan, albatta, yaxshi kunlar kelar ekan. Qizchaning bunday holatga kelishiga biz kattalar sabab bo‘lgandirmiz yoki noto‘g‘ri qo‘yilgan tashxis sababmikan, buni Yaratgan egamning o‘zi biladi. Har kimning jigari o‘zi uchun aziz. Shunday ekan, yaqinlarimizni yanada qadrlaylik, asraylik va sevaylik. Zero hayot va o‘lim orasi bir qadam ekan! “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar