
O‘zbekiston Markaziy banki 2025 yilning uchinchi choragi bo‘yicha mehnat bozori holatiga bag‘ishlangan navbatdagi tahliliy sharhni e’lon qildi. Hisobotda qayd etilishicha, ushbu davrda iqtisodiy faollik saqlanib qolgan, bo‘sh ish o‘rinlari taklifi barqaror o‘sishda davom etgan. Shu bilan birga, nominal va real ish haqi, shuningdek, pul o‘tkazmalari hajmi ham yuqorilagan.
Ochiq manbalardan to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, III chorakda biznes subyektlari tomonidan joylashtirilgan vakansiyalar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,3 foizga ko‘paygan. E’lon qilingan ish o‘rinlarining katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri kelib, uning ulushi 17,9 foizni tashkil etgan. Umumiy ovqatlanish (17,1 foiz) va ishlab chiqarish (17,0 foiz) tarmoqlari ham eng faol yo‘nalishlar qatorida qolmoqda.
Shu bilan birga, tadbirkorlar kutilmalarida qarama-qarshi tendensiya ham kuzatilmoqda. Ayrim korxonalar ish o‘rinlarini oshirish niyatini bildirgan bo‘lsa, boshqalari qisqartirish ehtimolini ham inobatga olmoqda. Iqtisodiy faollik bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnomalarda kelgusi uch oy ichida ish o‘rinlari sonini ko‘paytirishni rejalashtirayotgan tadbirkorlar ulushi iyul–avgust oylarida o‘rtacha 33,9 foiz bo‘lgan. Sentyabr oyida esa mavsumiy omillar ta’sirida bu ko‘rsatkich 30,8 foizgacha pasaygan.
Boshqa tomondan, ish o‘rinlarini qisqartirishni bildirgan respondentlar ulushi ham sezilarli oshgan. Agar II chorakda bu ko‘rsatkich 8,7 foiz bo‘lgan bo‘lsa, III chorak yakuniga kelib 12,7 foizga yetgan. Ayniqsa, qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning 16,4 foizi va savdo tarmog‘idagi respondentlarning 25,6 foizi ish o‘rinlarini qisqartirish ehtimolini bildirgan.
Mutaxassislar fikricha, bu holat mehnat bozoridagi tabiiy qayta muvozanatlash jarayonini aks ettiradi. Bir tomondan, iqtisodiyotda yangi ish o‘rinlari yaratilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan ayrim sohalarda xarajatlarni optimallashtirish ehtiyoji kuchaymoqda. Umuman olganda, Markaziy bank tahlili mehnat bozorida harakat va o‘zgarishlar davom etayotganini, vaziyat esa hozircha barqaror qolayotganini ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.