date

Saida Mirziyoyeva prezidentning bosib o'tgan yo'lini aytdi

Saida Mirziyoyeva prezidentning bosib o'tgan yo'lini aytdi

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning “Alter Ego” loyihasiga bergan keng qamrovli intervyusidan yangi tafsilotlar ochiqlandi. Kirill Altman bilan suhbatda u Shavkat Mirziyoyev davlat boshqaruvida tayanadigan tamoyillar, ish uslubi, shuningdek, kasbiy faoliyat va oilaviy tarbiya bilan bog'liq shaxsiy jihatlar haqida to'xtaldi. Bu haqda upl.uz xabar beradi.

Intervyuning asosiy yo'nalishi islohotlarni amalga oshirish strategiyasi bo'ldi. Saida Mirziyoyevaga ko'ra, katta natijaga faqat bosim yoki keskinlik bilan erishib bo'lmaydi: so'nggi to'qqiz yil ichida mamlakatdagi keng ko'lamli o'zgarishlar siyosiy yo'nalishdagi moslashuvchanlik va rahbariyatning oqilona qarorlari hisobiga samara bergan.

Administratsiya rahbari prezidentning kam uchraydigan jihatini alohida ta'kidladi: u sabr bilan to'g'ri pallani kutishni biladi, biroq ijro intizomi va sifat talabini pasaytirmaydi. Saida Mirziyoyeva buni Shavkat Mirziyoyevning davlat tizimini barcha pog'onalari bilan ichidan bilishi, ya'ni tuman hokimidan Vazirlar Mahkamasi rahbarigacha bo'lgan yo'lni bosib o'tgani bilan izohladi.

Oilaviy tarbiya mavzusida esa prezident farzandlari otasining ish hayotidan chetda bo'lmagani qayd etildi. Saida Mirziyoyeva bolalik xotiralarini eslab, o'zi va singlisi otasi bilan Mirzo Ulug'bek tumanidagi hamda Jizzax viloyatidagi xizmat safarlariga birga borganini aytdi.

Uning fikricha, insonni shakllantirish faqat nufuzli maktab yoki ustozlar bilan emas, avvalo ota-onaning shaxsiy namunasi bilan bog'liq. Saida Mirziyoyeva o'z kamolotida otasining hayotiy pozitsiyasi va mehnatsevarligi hal qiluvchi rol o'ynaganini ta'kidladi.

Prezidentning tinmas energiyasi haqida gap ketganda, Saida Mirziyoyeva bu savol yaqin atrofdagilarni ham o'ylantirishini yashirmadi. Uning aytishicha, jamoa charchagan pallalarda ham Shavkat Mirziyoyev ishlashda davom etadi va buni faqat Vatanga muhabbat bilan izohlaydi.

Administratsiya rahbari bunday ishchanlikni ma'lum ma'noda “metafizik” holat sifatida baholab, taqdir va har bir insonga beriladigan iqtidor haqida ham mulohaza yuritdi. U hayotiy vazifalarning bajarilishi ruhiy holatga ham ta'sir qilishini KPI (samaradorlikning asosiy ko'rsatkichlari) bilan qiyoslab tushuntirdi.

Saida Mirziyoyeva 2026 yil yanvaridagi o'zini o'n yil avvalgi davr bilan solishtirib, ichki o'zgarish katta bo'lganini aytdi. Uning ta'kidlashicha, eng muhim yutug'i — shoshqaloqlikdan vazminlik va bag'rikenglikka o'tgani, mas'uliyat ortgani sari jarayonlarga kengroq miqyosda qaray boshlaganidir.

Shu bilan birga, u hokimiyatni hokimiyat uchun istamasligini alohida qayd etdi. Saida Mirziyoyevaning aytishicha, uning asosiy maqsadi — otasining orzulari ro'yobiga ko'maklashish, bu orzular esa O'zbekiston xalqining farovonligi bilan chambarchas bog'liq.

Shaxsiy fazilatlar haqida so'z borganda, Administratsiya rahbari o'zini bolaligidan yetakchilikka intilgan inson sifatida ta'rifladi. U oilada fikri doim hurmat qilinganini, ota-onasi munosabatlarini esa otadagi qat'iylik va onadagi kuchli xarizma uyg'unlashgan “ideal muvozanat” deb atadi.

Professional tomonlama Saida Mirziyoyeva kuchli jihat sifatida samarali jamoa tuza olish va kadr tanlashda sezgi (intuitsiya)ga tayanishini ko'rsatdi. Zaif nuqtasi esa o'ziga nisbatan o'zgacha yuqori talabchanlik bo'lib, bu doimiy ichki nazorat va keskin o'zini cheklashga olib kelishini ta'kidladi.

Suhbat yakunida “saroy intrigalari” mavzusi ham ko'tarildi. Saida Mirziyoyeva bunday holatlarni har qanday hokimiyat markazida uchraydigan tabiiy jarayon sifatida baholab, bu muhitda ishlash uchun qat'iyat va ma'muriy donolik kerakligini aytdi.

Intervyuda Saida Mirziyoyeva ishlaydigan Prezident Administratsiyasi binosi ham eslatib o'tildi. U Toshkentning tarixiy markazida joylashgan bo'lib, xalq orasida “Oqsaroy” nomi bilan tanilgan; “oq saroy” atamasi esa Amir Temur davridan beri niyat pokligi va adolat ramzi sifatida tilga olinadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Saida Mirziyoyeva prezidentning bosib o'tgan yo'lini aytdi