Toshkentda Akmal Shukurovni ozod qilgan sudyalar ushlandi

Toshkent shahar sudining Akmal Shukurov bo‘yicha apellyatsiya ishini ko‘rgan uch nafar sudyasi qo‘lga olindi. Ular avvalroq The Tower Hotel yaqinida sodir bo‘lgan janjalda bir kishini shafqatsiz do‘pposlagani uchun sudlangan Shukurovni ozodlikka chiqarib yuborgan qaror bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.
Huquq himoyachisi Abdurahmon Tashanovning ma’lum qilishicha, sudyalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi — noqonuniy hukm, qaror yoki ajrim chiqarish — bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushlash tergov harakatlari doirasida amalga oshirilgan.
Gap shundaki, o‘tgan yil dekabrida apellyatsiya instansiyasi tarkibida ishlagan ushbu sudyalar Shukurovga belgilangan 8 yillik qamoq jazosini ozodlikni cheklash bilan almashtirgan va uni sud zalining o‘zidayoq qo‘yib yuborgan. Qaror katta rezonans uyg‘otgan, chunki jabrlanuvchi to‘qnashuvdan so‘ng uzoq vaqt komada yotgan.
Keyinchalik prokuratura hamda Oliy sudyalar kengashi aralashuvidan so‘ng sudyalarning vakolatlari qonuniylikni qo‘pol buzganlik uchun muddatidan oldin tugatilgan. Shukurov esa yakunda 6 yil muddatga yana qamoqqa qaytarilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!