"Qamchiq" dovonida qor yog‘ishni boshladi: harakat bor, ehtiyot shart...

A373 «Toshkent–Ohangaron–Angren–Qo‘qon–Shahrixon–Andijon» avtomobil yo‘lining 127–150 kilometrlar oralig‘ida ayni paytda qor yog‘moqda. Hozircha mazkur uchastkada ikki tomonlama harakat xavfsiz tarzda ta’minlanayotgani ma’lum qilindi.
Mas’ullar keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hududda havo harorati +1 daraja atrofida. Ko‘rish masofasi taxminan 4000 metrni tashkil etayapti, shamol sezilmayapti. Namlik esa 67 foiz darajasida qayd etilgan.
Qor yog‘ishi davom etayotgani bois, dovonda transport vositalarining to‘xtovsiz va xavfsiz qatnovini saqlab qolish maqsadida «Qamchiqavtoyo‘l IYFK» DM xodimlari maxsus texnika yordamida yo‘l qoplamasiga qum-tuz aralashmasini sepish ishlarini olib bormoqda. Bu chora yo‘lda sirpanchiqlik paydo bo‘lishining oldini olishga qaratilgan.
Shu bilan birga, «Qamchiqavtoyo‘l IYFK» DM «Qamchiq» dovoni orqali harakatlanayotgan barcha haydovchilarga ob-havo sharoitini hisobga olib, tezlikni me’yordan oshirmaslik, xavfsiz oraliq masofani saqlash va ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishni tavsiya etdi.
Qisqasi, yo‘l ochiq, harakat bor — lekin dovon «erkalab» turmaydi: ruldagi diqqat hozir eng katta kafolat.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!