date

Shavkat Mirziyoyevga aholi roʻyxatga olishning dastlabki natijalari haqida axborot berildi

Shavkat Mirziyoyevga aholi roʻyxatga olishning dastlabki natijalari haqida axborot berildi

19 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakat bo‘yicha umumxalq aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish ishlarini tashkil etish hamda o‘tkazish jarayoni yuzasidan hisobot taqdim etildi. Ta’kidlanishicha, bu tadbir O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega: oxirgi marta bunday keng qamrovli hisob 1989 yilda o‘tkazilgan. Bu haqda podrobno.uz xabar beradi.

Ro‘yxatga olish 15 yanvarda boshlangan bo‘lib, joriy yil 28 fevralga qadar davom etadi. Fuqarolarga qulaylik yaratish va ma’lumotlar aniqligini oshirish maqsadida jarayon ikki bosqichga bo‘lingan. 31 yanvargacha davom etadigan birinchi bosqichda aholi census.stat.uz portali orqali OneID identifikatsiya tizimi yordamida onlayn tarzda mustaqil ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Ikkinchi bosqich 4 fevraldan boshlanib, oy oxirigacha davom etadi. Bu davrda “mahalliy yettilik” vakillari uyma-uy yurib so‘rovlarni o‘tkazadi. Joriy kampaniyaning muhim jihati — qog‘oz blankalardan to‘liq voz kechilgani: anketalar maxsus planshetlarda to‘ldiriladi, jarayon esa geoinformatsion tizim orqali real vaqt rejimida nazorat qilinadi. Shu maqsadda 7 million 600 mingdan ortiq xonadonning geolokatsiyasi raqamlashtirilgan.

Hozirga qadar onlayn portal orqali 2 million 480 ming xonadon, shuningdek 31 ming fermer xo‘jaligi hamda agro korxona ro‘yxatdan o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Ishlarga respublika bo‘ylab 222 ta shtab jalb etilgan, qariyb 60 ming xodim tayyorlangan, ular orasida oliy ta’lim muassasalaridan 3200 nafar ko‘ngilli ham bor.

Prezident ro‘yxatga olish davlat rejalashtiruvi uchun eng muhim vositalardan biri ekanini qayd etdi. Aniq demografik ko‘rsatkichlar, migratsiya va bandlik bo‘yicha ma’lumotlar, shuningdek yer resurslari va chorvachilik holati haqidagi tahlillar byudjet mablag‘larini samarali taqsimlash hamda hududlar rivoji strategiyasini uzoq muddatga belgilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, shaxsiy ma’lumotlar maxfiyligi to‘liq kafolatlanishi bildirildi: barcha axborot qonun bilan himoyalangan va faqat umumlashtirilgan ko‘rinishda statistik maqsadlarda ishlatiladi. Ro‘yxatga olish yakunida mamlakat bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, u jamiyatning real ijtimoiy-iqtisodiy manzarasini aks ettiradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyevga aholi roʻyxatga olishning dastlabki natijalari haqida axborot berildi